Xitoyning Baidu kompaniyasi hayvonlar tovushlarini inson tiliga tarjima qilish uchun mo‘ljallangan sun’iy intellekt texnologiyasi uchun patent olish uchun ariza topshirdi. Bu haqda South China Morning Post nashri xabar berdi.
Internet giganti dekabr oyida patent uchun ariza topshirgan bo‘lsa-da, Xitoy Milliy intellektual mulk boshqarmasi uni faqat seshanba kuni e’lon qildi.
Tarjima usuli maqsadli hayvondan turli xil ma’lumotlarni, jumladan, “ovoz, tana tili, xulq-atvordagi o‘zgarishlar va boshqa biologik belgilarni” to‘plash orqali ishlaydi.
Bu haqda veb-saytida joylashtirilgan ilovada aytilgan. Keyin u ma’lumotlarni tahlil qilish orqali “hissiyot"ni aniqlaydi va uni maqsadli tilga o‘giradi.
Baidu ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu texnologiya sun’iy intellektning bir nechta kichik sohalaridan foydalanadi.
Bular qatoriga katta hajmdagi ma’lumotlar asosida o‘rganish imkonini beruvchi mashinali o‘rganish, ovoz va harakat xususiyatlarini tahlil qilish uchun neyron tarmoqlaridan foydalanadigan chuqur o‘rganish hamda tabiiy til va nutqni tahlil qilish va sintez qilishda hisoblash yondashuvlarini qo‘llaydigan tabiiy tilni qayta ishlash kabi sohalar kiradi.
Agar ovoz tarixiy hissiy yozuvlarning hech biriga mos kelmasa, jamoa ovoz ma’lumotlarini qo‘lda belgilaydi, namunani yangilaydi va model parametrlarini to‘g‘rilaydi.
Baidu texnologiya borasidagi o‘z maqsadlarini aniq aytmadi, masalan, hayvonlarni tushunishga qaratilgan yangi ilova chiqarishni rejalashtirmoqda yoki yo‘qligini ma’lum qilmadi.
Avvalroq Spot kompaniyalar 2026-yilda virtual sun’iy intellekt xodimlarini ishga olishni boshlashi haqida yozgandi.
Anthropic kompaniyasi top-menejeri Jeyson Klintonning so‘zlariga ko‘ra, kompaniyalar ular uchun alohida lavozimlar, korporativ hisoblar va parollar yaratadi.