Jizzaxda kichik quvvatli AESni joylashtirish sxemasi tasdiqlandi. Bu haqda O‘zatom agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

6-may kuni Energetika xavfsizligi masalalari bo‘yicha prezident maslahatchisi Alisher Sultonov raisligida kichik quvvatli atom elektr stansiyasi (AES) qurilishi loyihasini amalga oshirishga bag‘ishlangan operativ shtab va ilmiy-texnik kengashning qo‘shma yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda loyihaning asosiy jihatlari har tomonlama muhokama qilindi hamda keyingi aniq qadamlar belgilandi. Tadbirda Atomstroyeksport kompaniyasi bilan tuzilgan shartnoma doirasida amalga oshirilayotgan ishlarning joriy holati aks ettirilgan taqdimot namoyish etildi. Taqdimotda loyihaning bosqichlari, tayyorgarlik ishlari, xalqaro hamkorlik yo‘nalishlari ko‘rsatildi.

Yakunda Jizzax viloyati Forish tumanida kichik quvvatli AES joylashtirilishi sxemasi tasdiqlandi. Bu esa loyihani mintaqaviy ehtiyojlarga moslashtirish va energiya ishlab chiqarishni optimallashtirish imkonini yaratadi.

Loyihaning yuqori sifatli hujjatlarini ishlab chiqish va ularni xalqaro standartlarga moslashtirish uchun muntazam ishchi yig‘ilishlar tashkil etilmoqda. Unda uzoq muddatli xizmat muddati bo‘lgan uskunalar uchun texnik talablar, muhandislik tadqiqotlariga oid topshiriqlar hamda loyiha jadvallari kelishilmoqda.

Shuningdek, stansiya joylashadigan hududda seysmik monitoring, aerometeorologik, gidrogeologik va gidrologik tadqiqotlar singari tabiiy muhit bo‘yicha uzluksiz kuzatuv ishlari davom ettirilmoqda.

O‘zbekistonda kichik AES qurilishi

Joriy yilning 27-may kuni O‘zatom va Rosatom kam quvvatli AES qurish bo‘yicha shartnoma imzoladi. Loyiha Rossiya ishlanmasi — RITM-200N bosimli suv reaktoriga asoslangan. RITM-200N reaktorining issiqlik quvvati — 190 MVt, elektr quvvati — 55 MVt, xizmat muddati — 60 yilgacha.

Atom energiyasi agentligi matbuot xizmati Spot’ga kam quvvatli AESning birinchi reaktorini ishga tushirish besh yildan keyinga mo‘ljallanganini ma’lum qildi.

Shavkat Mirziyoyev OAVga bergan bayonotida dunyoda deyarli barcha davlatlar energetik xavfsizlik va barqaror rivojlanishni atom energetikasi hisobiga ta’minlashini, O‘zbekiston uran zaxiralarini uchinchi davlatlarga eksport qilayotgan mamlakat sifatida loyiha hayotiy ahamiyatga ega ekanligini qayd etdi.

Iyun oyi oxirlarida AES loyihasi bo‘yicha dastlabki ishlar boshlandi. Unda Jizzax viloyatidagi belgilangan maydonda amalga oshiriladigan birinchi qurilish shtabi joylashtirilib, rejalashtirilgan muddatda ishlarni boshlash bo‘yicha vazifalar belgilab olingandi.

Sentabr oyida O‘zatom va Rosatom o‘rtasida kam quvvatli AES qurilishi bo‘yicha ishlarni boshlash to‘g‘risida bayonnoma imzolandi. Hujjat qurilish maydonchasida tayyorlov ishlari, loyihalashtirish hujjatlarini ishlab chiqish hamda litsenziyalash bosqichiga o‘tishni nazarda tutadi.

O‘zatom huzuridagi AES qurilishi direksiyasi direktori Otabek Amanov Jizzaxdagi kichik AESning yordamchi obyektlarini qurishga xalqaro kompaniyalar, xususan, turbinalar uskunalar, generatorlar va quruq gradirnyalarni yetkazib berish uchun jalb qilinishi mumkinligini qayd etdi.

Joriy yilning fevral oyida Azim Axmedxo‘jayev birinchi marta turli xorijiy tuzilmalarni jalb qilgan holda kichik AESni qurish uchun “xalqaro konsorsium” tuzish rejalari haqida ma’lum qildi. Rossiya texnologiyalari bilan bir qatorda Xitoyning yadroviy bo‘lmagan texnologiyalari, shuningdek, Yevropaning dasturiy ta’minoti va apparat komplekslarini qo‘llash rejalashtirilgan.

Aprel oyi o‘rtalarida kichik AES uchun dastlabki ishlab chiqarish binolari qurilishi boshlandi. Jizzaxda qurilayotgan qurilish-montaj bazasi ma’muriy binolar, ishlab chiqarish xonalari, omborlar va yirik yig‘ma sexlari uchun maydonlar bilan ta’minlaydi.

Avvalroq O‘zatom Rosatom hamda CNNC bilan AESning yadroviy bo‘lmagan oroli uchun texnik jihozlarni yetkazib berish bo‘yicha hamkorlik imkoniyatlarini ko‘rib chiqayotgani haqida xabar berilgandi.


Avvalroq Spot Jizzaxda kichik AES uchun dastlabki ishlab chiqarish binolari qurilishi boshlangani haqida yozgandi.

Qurilayotgan qurilish-montaj bazasi ma’muriy binolar, ishlab chiqarish xonalari, omborlar va yirik yig‘ma sexlari uchun maydonlar bilan ta’minlaydi.