O‘zbekistonda fuqarolarning saytlardan foydalanishdagi qonuniy huquqlarini belgilash va ularni noqonuniy kontentlardan himoya qilish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar berdi.

7-may kuni quyi palataning Innovatsion rivojlanish va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasida media sohasi ekspertlari ishtirokida sohadagi ijtimoiy munosabatlarga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Unda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi vakillari tomonidan onlayn-platformalar faoliyatini tartibga soluvchi to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladigan yaxlit qonun loyihasi ishlab chiqilgani ma’lum qilindi. Internet va ijtimoiy tarmoqlar fuqarolarning axborotga bo‘lgan ehtiyojini tezkor qondirish, dolzarb muammolar muhokamasida muhim vositaga aylanayotgani ta’kidlandi.

Loyihaning maqsadi fuqarolarning onlayn-platformalar va veb-saytlardan foydalanishdagi huquqlarini qonun darajasida belgilash, ularni yolg‘on axborot, nafrat uyg‘otuvchi, zo‘ravonlik va shafqatsizlikni targ‘ib qiluvchi noqonuniy kontentlardan himoya qilishga qaratilgan.

Sohadagi qonunchilikni sezilarli liberallashtirilib, tartibga solishdagi mavjud bo‘shliqlarni bartaraf etish nazarda tutilgan. Bu orqali foydalanuvchilar huquqlarini mustahkamlash, axborot tarqatish tartibiga huquqiy aniqlik kiritish rejalashtirilmoqda.

Shu bilan birga, yangi talablar sayt egalariga O‘zbekistonda faoliyat yuritishning aniq shartlarini belgilab beradi, ularning biznes modellariga shart-sharoitlarni aniq prognozlash imkonini yaratadi.

Onlayn-platformalar bilan birga, blogerlar, inflyuyenserlar hamda sohani tartibga soluvchi davlat organlari o‘rtasida o‘zaro muloqot va konstruktiv hamkorlik uchun huquqiy asoslar takomillashtiriladi.

Bundan tashqari, loyiha internetdan foydalanish xavfsizligi darajasini oshirishi, bolalarni ularning sog‘ligiga xavf soluvchi axborotlardan himoyalash mexanizmlarini yaratishi kutilmoqda. Foydalanuvchilarni kamsituvchi ma’lumotlardan himoyalashda huquqiy kafolat va vakolatli organning ko‘magi beriladi.

Ma’lum qilinishicha, qonun loyihasida inflyuyenser va blogerlar mas’uliyati ajratilib, blogerlar majburiyatlari sezilarli yengillashtirilmoqda. Davra suhbatida loyihani jamoatchilik muhokamasi qo‘yish to‘g‘risida xulosaga qabul qilindi.

Avvalroq prezident qarori bilan axborot texnologiyalari orqali sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish kuchaytirilishi haqida xabar berilgandi.