O‘zbekistonda yangi texnika universiteti — Tashkent Tech tashkil etiladi. Bu haqda prezident maslahatchisi Saida Mirziyoyeva xabar berdi.

Yangi loyihani ishga tushirish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita yig‘ilishi 7-may kuni o‘tkazildi. Unda Bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov ham qatnashdi.

Mirziyoyevaning ta’kidlashicha, bu tashabbus davlat rahbari topshirig‘iga binoan o‘zbekistonlik yoshlar orasida texnik ta’limning obro‘sini oshirish maqsadida amalga oshirilmoqda. Tashkent Tech Toshkent davlat texnika universiteti negizida tashkil etiladi.

“Bizning strategik maqsadimiz — eng yuqori xalqaro standartlarga mos keladigan yangi avlod universitetini yaratishdir. Biz zamonaviy mehnat bozorining eng yuqori talablariga javob beradigan muhandislar yetishib chiqadigan ekotizimni shakllantiramiz”, — deya ta’kidladi Saida Mirziyoyeva.

Boston Consulting Group kompaniyasi jahon tajribalarini yangi oliy o‘quv yurti faoliyatiga joriy etish va ularni mahalliy sanoat hamda innovatsion rivojlanish ehtiyojlariga moslashtirish uchun loyihani amalga oshirishga jalb qilinadi. Tashkent Tech texnologik mustaqillik va barqaror sanoat o‘sishining harakatlantiruvchi kuchiga aylanishi kutilmoqda.


Avvalroq Spot O‘zbekistonning 4ta hududida texnika universitetlari tashkil etilishi haqida yozgandi.

Nukus, Buxoro, Farg‘ona va Namangandagi bunday universitetlarda yangi yo‘nalishlar ochilib, xorijiy dasturlar joriy qilinadi. Oliygohlarga sanoat hamkorlari biriktiriladi.

Bu yo‘nalishdagi 35 ta muassasani yiriklashtirish orqali 22 ta texnika universitetini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Yil oxirigacha 17 ta muhandislik maktabi ochiladi: