O‘zbekistonda go‘sht narxi barqaror shakllanib, boshqa mamlakatlarga nisbatan arzon sotilmoqda. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligining go‘sht narxi bo‘yicha berilgan rasmiy munosabatida keltirilgan. Vazirlik so‘nggi yillarda go‘sht narxining oshishi global miqyosda kuzatilayotganini qayd etdi.
BMTning Xalqaro oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) buni bir necha omillar, jumladan go‘sht ishlab chiqarish hajmining sekinlashishi hamda yirik importyor davlatlarda talab yuqoriligi bilan izohlagan.
Ozuqa xomashyosi va transport xarajatlarining ortishi ham narxlarga ta’sir ko‘rsatmoqda. Masalan, Rossiyada tovuq go‘shti narxi yil boshidan buyon 9,7% ga, Qozog‘istonda esa 4,7% ga oshgan.
Vazirlik O‘zbekistonda go‘sht narxi mintaqaviy tendensiyalar doirasida saqlanmoqda va global bozor tebranishlariga nisbatan barqarorlikni namoyon qilayotganini ta’kidladi.
Mutaxassislarning fikricha, ayni paytda mamlakat bozorlaridagi arzonlashtirilgan rastalarda 1 kg mol va qo‘y go‘shti o‘rtacha 65−75 ming so‘m, savdo rastalarida — 90−95 ming so‘m, savdo markazlarida esa 95−100 ming so‘mdan sotilmoqda.
Toshkentdagi arzonlashtirilgan rastalarda 65−75 ming so‘mlik go‘shtni xaridorlarning 15−18%i, 90−95 ming so‘mlik “ro‘zg‘orbop go‘sht"ni esa 82−85%, 110−130 ming so‘mlik suyaksiz (lahm) go‘shtni atigi 1−2%i sotib oladi. Shu bilan birga, bozorlarda go‘sht aholining xarid qobiliyati asosida qismlarga bo‘lib sotiladi: go‘shti ajratilgan suyak (ragu) — 25−30 ming so‘m, qovurg‘a — 85−95 ming so‘m, lahm go‘sht — 110−130 ming so‘m atrofida.
Vazirlik taqqoslash uchun boshqa mamlakatlardagi go‘sht narxlarini keltirdi. Jumladan, Rossiyada 1 kg mol go‘shti — $10−12, Belarusda — $6−8, Qozog‘istonda — $7−11, Tojikistonda — $8−10, Gruziyada — $9,5−12, Ozarbayjonda — $9,5−12,5 hamda Turkiyada — $12−14 ni tashkil etadi. Iqtisodiyoti rivojlangan davlatlar, xususan, Shvetsiyada bu $46,2ni, Islandiyada — $38,86, Janubiy Koreyada esa $28 atrofida.
“Bundan ko‘rinib turibdiki, O‘zbekiston dunyoning go‘sht eng arzon sotiladigan davlatlari qatorida bo‘lib, Markaziy Osiyo mamlakatlari ichida Qirg‘izistondan keyingi ikkinchi o‘rinni egallaydi”, deya izohladi vazirlik.
Go‘sht ishlab chiqarishga bevosita ta’sir ko‘rsatuvchi omillar sifatida 2025-yilning birinchi choragida go‘sht ishlab chiqarish bilan bog‘liq xarajatlar — jumladan, yem-ozuqa, elektr energiyasi va yoqilg‘i-moylash materiallari narxlari keskin oshgani keltirildi.
Shuningdek, go‘sht yetishtirish uchun kuchli ozuqaga bo‘lgan talabning yuqoriligi, ozuqa yetishtirishda yer maydonlarining yetishmasligi tufayli chorva mollarini ozuqa bilan ta’minlanish darajasi 35−40%ni tashkil etmoqda.
2024-yil oktabr oyidagi narxlar bilan solishtirilganda, bugungi kunda shrot narxi 3 ming so‘mdan 7 ming so‘mga, sheluxa 2 800 so‘mdan 4 ming so‘mga, omuxta yem 2 900 so‘mdan 3 700 so‘mga, bug‘doy 2 200 ming so‘mdan 3 500 ming so‘mga, makkajo‘xori silosi 500 so‘mdan 900−1 000 so‘mga, somon 15 ming so‘mdan 25 ming so‘mga, beda esa 25 ming so‘mdan 45 ming so‘mga oshgan.
Ozuqa xarajatlari, mehnatga haq to‘lash va elektr energiyasi xarajatlarining oshishi ham go‘sht tannarxiga bevosita ta’sir ko‘rsataygani ta’kidlandi.
2024-yilda umumiy 2,9 mln tonna tirik vaznda (1,7 mln tonna so‘yilgan vaznda) go‘sht ishlab chiqarilgan, 93 ming tonna go‘sht import qilingan. Ishlab chiqarilgan go‘shtga nisbatan import salmog‘i 5,4% ni tashkil qilgan.
Import go‘shtining 70%i qayta ishlash korxonalariga yo‘naltirilgan bo‘lsa, qolgan qismi Toshkentdagi dehqon bozorlarida arzonlashtirilgan rastalarda sotilgan.
So‘nggi besh yilda chorvachilik korxonalarida mollar soni ikki barobar, ishlab chiqarilayotgan chorvachilik mahsulotlari hajmi esa uch barobar oshgan. Naslchilik korxonalari soni 400 tadan 1 900 taga yetkazildi, zoti yaxshilangan qoramollar ulushi 30−35% dan 70−75% ga ko‘tarilgan.
Avvalroq Qishloq xo‘jaligi vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonda erta pishar piyoz narxi qimmatlashgani haqidagi tarqalgan xabarlarga izoh bergandi.