8-may kuni o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishni kengaytirish bo‘yicha prezident qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan, joriy yilning 1-iyunidan boshlab “Faol hayotga qadam” dasturi joriy etiladi. Dastur o‘zgalar parvarishiga muhtoj voyaga yetgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

Uning doirasida quyidagi 5 turdagi yangi ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatiladi:

  • uy sharoitida ijtimoiy-maishiy yordam ko‘rsatish;
  • uy sharoitida qarab turish;
  • tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya xizmati;
  • kunduzgi qatnov asosida qarab turish xizmati;
  • shaxsiy yordamchi xizmati.

“Faol hayotga qadam” dasturi doirasidagi ijtimoiy xizmatlardan foydalanish xarajatlarining bir qismi vaucher asosida qoplab beriladi. Uning qiymati hukumat tomonidan belgilangan miqdorda subsidiya shaklida to‘lanadi.

Vaucher berish va uning qiymatini to‘lash “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimidagi “Oila hamkori” platformasi orqali amalga oshiriladi. Bunda vaucher quyidagilarga beriladi:

Uy sharoitida ijtimoiy-maishiy yordam ko‘rsatish hamda kunduzgi qatnov asosida qarab turish xizmati uchun:

  • Kambag‘al oilalar reyestri, O‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz yashovchi hamda yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar reyestriga kiritilganlarga;
  • “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali bolalar nafaqasi va moddiy yordamni oluvchi shaxs (oila) larga.

Shaxsiy yordamchi xizmati uchun:

  • I guruh nogironlik belgilangan shaxsga;
  • ko‘zi ojizlik bo‘yicha birlamchi nogironlik belgilangan shaxsga;
  • birinchi marta nogironlar aravachasidan foydalanish belgilangan shaxsga.

2025-yilning 1-dekabrigacha Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazlari huzurida o‘zgalar parvarishiga muhtoj voyaga yetgan shaxslar uchun kichik hajmli oilaviy uylar tashkil etiladi.

Avvalroq 1-iyundan Toshkent va Navoiyda nogironlikni belgilash bo‘yicha yangi tizim joriy etilishi haqida xabar berilgandi. Joriy yilda Samarqand viloyatining uchta hududi, shuningdek, qolgan viloyatlarning 1 tadan tumanida kasalliklarni barvaqt aniqlash va asoratlarini kamaytirish bo‘yicha mahallabay tizim yo‘lga qo‘yiladi.