O‘zbekistonda ichimlik va oqova suv tariflari islohoti bo‘yicha ssenariy ishlab chiqilmoqda. Bu haqda 30-aprel kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida O‘zsuvta'minot boshqaruvi raisi o‘rinbosari Xurshid Rahmatullayev ma’lum qildi.

Uning qayd etishicha, mamlakat hududlarida suv narxlarining har xil belgilanishi suv manbalari bilan bog‘liq. Natijada, yer osti va yer usti manbalaridan olinadigan suvlarni yaroqli holga keltirish va aholiga yetkazib berish xarajatlari turli shakllanadi. Viloyat xalq deputatlari kengashlari esa hududlardagi ichimlik suvi narxlarini real xarajatlar asosida belgilaydi.

“Ekspluatatsiya va saqlash xarajatlari ham farqlanadi. Masalan, Qoraqalpog‘istonda qattiqlik darajasi yuqori bo‘lgan suvni yumshatish uchun unga ko‘proq reagent qo‘shiladi. Kimyoviy moddalarni qonunchilik asosida birja savdolari orqali xarid qilamiz. Birjada esa narxlar har kuni har xil shakllanadi. Shuning uchun ham ichimlik suvi tariflari unga ta’sir qiluvchi omillar asosida har yili qayta ko‘rib chiqiladi”, — dedi Rahmatullayev.

Shuningdek, O‘zsuvta'minot raisi o‘rinbosari elektr energiyasi tariflarining 1-maydan oshirilgani kompaniya xarajatlarini o‘rtacha 30% ga, ayrim viloyatlarda esa 45−50% gacha ko‘paytirishini ta’kidladi. “Elektr energiyasi narxi oshgani sababli biz ham o‘z tariflarimizni qayta ko‘rib chiqishga majburmiz. Bu jarayon tarixan ham shunday bo‘lib kelgan”, — dedi u.

ichimlik suvi, narxlar, o‘zsuvta’minot, suv ta'minoti

Foto: O‘zsuvta'minot. Xurshid Rahmatullayev o‘ngdan birinchi

Rahmatullayevning ma’lum qilishicha, hozirda xalqaro tajriba asosida tariflar islohoti bo‘yicha turli ssenariylarning ichki variantlari ishlab chiqilmoqda. Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda boshqa tegishli tashkilotlar bilan olib borilayotgan jarayonga konsultantlar jalb qilingan. Loyiha tayyor bo‘lgach, uni jamoatchilik muhokamasiga qo‘yish ko‘zda tutilgan.

Hozirgi kunda uchta hudud — Samarqand, Farg‘ona hamda Qashadaryo viloyatlarida ichimlik va oqova suv tariflari uchun yangi narxlar belgilanyapti. Xurshid Rahmatullayev qolgan hududlarda ham tariflar ko‘rib chiqilayotganini ta’kidladi.

“Narxlarni oshirishda, boshqa xarajatlar, jumladan, qo‘riqlash, ekspluatatsiya xarajatlari ham [hisobga olinadi]. Ikki yil oldingi birja orqali xarid qilinadigan nasos yoki truba narxlari hozir 1,3−1,4 baravar oshgan. 2023-yilda qayta ko‘rib chiqilgan tariflarda o‘sha vaqtdagi xarajatlar hisobga olingan bo‘ladi. Hozirgi xarajatlar bugungi kun talablariga javob bermayapti”, — dedi u.

Shuningdek, Rahmatullayev inflyatsiya darajasi yoki valyuta kursi, shuningdek, xalqaro moliya tashkilotlaridan jalb qilinadigan qarz mablag‘larini qaytarish majburiyati ham suv uchun narxlarni shakllantirishda hisobga olinishini qo‘shimcha qildi.

Avvalroq O‘zsuvta'minot tomonidan xonadonlarni markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlash bo‘yicha 2035-yilgacha mo‘ljallangan strategiya ishlab chiqilayotgani haqida xabar berilgandi.