Apple kompaniyasi kelgusi ikki yil ichida o‘z mahsulotlar qatorini keng ko‘lamda yangilashga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Bu haqda ushbu kompaniya mahsulotlari bo‘yicha ko‘plab to‘g‘ri bashoratlari bilan tanilgan Bloomberg mutaxassisi Mark Gurman ma’lum qildi.
2026-yil oxiriga kelib, burmalar va choklar bo‘lmagan yaxlit ekran hamda titan ramkaga ega birinchi buklanuvchan iPhone chiqarilishi kutilmoqda. Qurilma iPhone 18 turkumi bilan birga taqdim etilib, yuqori narxdagi mahsulot sifatida bozorga chiqariladi.
2027-yilda Apple dastlabki modelning 20 yilligi munosabati bilan iPhone’ning maxsus versiyasini ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda. Manbalarga ko‘ra, bu shishadan yasalgan egilgan korpus va o‘yiqsiz hamda Dynamic Island’siz yaxlit ekranga ega qurilma bo‘ladi.
Shu yili kompaniya Meta Ray-Ban bilan raqobatlashadigan sun’iy intellekt imkoniyatlariga ega “aqlli” ko‘zoynaklarni taqdim etmoqchi. Ko‘zoynaklar Apple protsessori bilan hamohang ishlaydigan kameralar, mikrofonlar va karnaylarga ega bo‘ladi.
Mavjud mahsulotlar ham sezilarli darajada takomillashtiriladi. Kelajakdagi AirPods va Apple Watch modellarida sun’iy intellekt yordamida imo-ishoralar, yuz va atrof-muhitni aniqlash uchun o‘rnatilgan kameralar paydo bo‘ladi.
Siri ovozli yordamchisi butunlay qayta ishlanadi — uning asosini ChatGPT kabi katta til modellari tashkil etadi. Bu kontekstni tushunish, suhbat olib borish va foydalanuvchilarga yordam berish qobiliyatini sezilarli darajada yaxshilaydi.
Yana bir yangilik Apple’ning birinchi roboti bo‘ladi — mexanik qo‘l va o‘ziga xos xususiyatlarga ega o‘rnatilgan sun’iy intellekt yordamchisiga ega stol usti qurilmasi. Robot o‘sha yilning boshida chiqarilishi kutilayotgan aqlli uy markazi bilan birgalikda ishlaydi.
Mish-mishlarga ko‘ra, 2028-yilda kompaniya buklanuvchan iPad va sensorli Mac’ni o‘zida mujassam etgan gibrid qurilmani ishlab chiqarishi mumkin.
Apple odatda kelajakdagi mahsulotlar haqidagi ma’lumotlarga izoh bermasa-da, Mark Gurman kompaniya rejalari bo‘yicha aniq bashoratlari bilan tanilgan.
Avvalroq Spot Apple Safariga sun’iy intellektga asoslangan qidiruv tizimlarini qo‘shishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.
Kompaniya brauzeriga OpenAI, Perplexity va Anthropic’ning sun’iy intellektga asoslangan qidiruv tizimlarini qo‘shish ustida ishlamoqda.