Prezident administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi onlayn-platforma va saytlar foydalanuvchilarining huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonun loyihasini muhokamaga qo‘ydi.
Hujjat bloger va inflyuyenserlar, shuningdek, internet-resurslarni moderatsiya qilish bilan bog‘liq huquqiy munosabatlarni tartibga soladi. 7-may kuni Oliy Majlisda bo‘lib o‘tgan davra suhbatida AOKA qonun loyihasi ishlab chiqilganini ma’lum qilgandi.
Bloger — o‘z akkauntida yoki ommaviy hamjamiyatda ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa tusdagi kontentni, shu jumladan onlayn-platforma foydalanuvchilari tomonidan ushbu axborotni muhokama qilish uchun joylashtiruvchi jismoniy shaxs.
Inflyuyenser esa o‘z akkaunti yoki ommaviy hamjamiyatda 10 mingdan ortiq obunachiga ega bo‘lgan blogerdir. Shuningdek, hujjatda yolg‘on axborot, spam resurs va fishing resurslar kabi tushunchalar qayd etilgan.
AOKA onlayn-resurslardan foydalanuvchilarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakolatli organ etib belgilanmoqda. U saytlar va platformalar faoliyatining shaffofligini kuzatib boradi, ularda noqonuniy kontent bor-yo‘qligini monitoring qiladi va aniqlangan huquqbuzarliklar bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlarni xabardor qiladi.
Agentlikning vazifalari qatoriga foydalanuvchilarning huquqlarini himoya qilish bilan bog‘liq qoidabuzarliklarni bartaraf etish bo‘yicha onlayn-resurslarga ko‘rsatmalar berish kiradi. Shuningdek, agentlik jinoyat ishlari doirasida sud va tergov organlarining so‘rovi bilan foydalanuvchilar haqidagi ma’lumotlarni platforma egalari va ularning vakillaridan so‘rab oladi.
O‘zbekistonda kuniga 100 mingdan ortiq odam foydalanadigan onlayn platformalar egalari mamlakatda rasmiy vakil tayinlashi kerak bo‘ladi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha ma’lumotlar, shuningdek foydalanuvchilarning kunlik soni to‘g‘risidagi so‘rovlar 24 soat ichida ko‘rib chiqilishi kerak. Platforma egalari sudning qonuniy kuchga kirgan qarorlari ijrosini ta’minlashlari zarur.
Bundan tashqari, talablar qatoriga hayot va xavfsizlikka tahdid soluvchi kontent aniqlangan holatlarda huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan tezkor hamkorlik aloqalarini saqlab turishi talab etiladi. Uning joylashtirilgan vaqti, foydalanuvchi nomi va IP-manzilini yuborish kerak bo‘ladi.
Platforma kontent va foydalanuvchi xatti-harakatlari ustidan shikoyat qilish funksiyasini taqdim etishi kerak. Foydalanuvchilarni chalg‘ituvchi, ularni aldov yo‘li bilan moliyaviy xarakterdagi muayyan harakatlarni bajarishga majbur qiluvchi interfeyslardan foydalanish taqiqlanadi.
Qonun loyihasi bilan batafsil havola orqali tanishish mumkin. Fikr-mulohazalar joriy yilning 27-mayigacha qabul qilinadi.