8-may kuni kambag‘al oilalarni davlat tomonidan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish to‘g‘risidagi prezident farmoni qabul qilindi.

Hujjat bilan joriy yilning 15-mayidan Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan va ushbu reyestrga tushish xavfi bo‘lgan oilalar “qizil”, “sariq” va “yashil” toifalarga taqsimlanadi. Ularga ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari ushbu toifa asosida ko‘rsatiladi.

“Qizil” toifaga — oila a’zolarining har biriga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik daromadi minimal iste’mol xarajatlaridan (kishi boshiga — 669 ming so‘m) kam bo‘lgan oilalar kiritiladi. Ular quyidagi mezonlarning biriga javob berishi kerak:

  • a’zolarining kamida 1 nafari sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra mehnat qilish imkoniyatiga ega bo‘lmagan;
  • parvarishga muhtoj a’zosi, shu jumladan, nogironligi mavjud farzandi bo‘lgan;
  • o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz yashovchi yoki yolg‘iz keksa yoxud yolg‘iz nogironligi bo‘lgan shaxsdan iborat bo‘lgan;
  • boquvchisini yo‘qotgan yoki boquvchisi jazoni ijro etish muassasasida bo‘lgan oila.

“Sariq” toifaga — oila a’zolarining har biriga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik daromadi minimal iste’mol xarajatlaridan kam bo‘lgan hamda a’zolari sog‘lig‘i holatiga ko‘ra mehnat qilish imkoniyatiga ega bo‘lgan oilalar kiritiladi.

“Yashil” toifaga esa oila a’zolarining har biriga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik daromadi minimal iste’mol xarajatlarining 1 baravaridan 1,5 baravarigacha (669 ming so‘m — 1 003 500 so‘m) bo‘lgan oilalar kiritiladi. Bunda ushbu toifaga kiritish uchun oila “qizil” yoki “sariq” toifadan chiqarilgan hamda Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilishi ehtimoli yuqori bo‘lishi zarur.

1-iyundan Ijtimoiy himoya yagona reyestridagi oilalar uchun qonunchilikda belgilangan imtiyozlar Kambag‘al oilalar reyestridagi oilalarga ham tatbiq etiladi, 2026-yildan esa faqat ushbu reyestrga kiritilgan oilalarga ko‘rsatiladi.

Bunda davlat xizmatlaridan foydalanish uchun boj, yig‘im va boshqa to‘lovlarni to‘lashda “sariq” toifaga kiritilgan oilalarga 50%, “qizil” toifaga kiritilgan oilalarga esa 75% miqdorida chegirmalar qo‘llaniladi.

Kambag‘al oilalar “qizil” yoki “sariq” toifadan “yashil” toifaga o‘tganda ular uchun qonunchilikda nazarda tutilgan davlat ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari keyingi 12 oy muddatga saqlab qolinadi. “Qizil” toifaga kiritilgan oilalarga belgilangan passiv daromad keltiruvchi qo‘llab-quvvatlash choralari taqdim etiladi.

Ushbu reyestrga kiritilgan oilalar a’zolariga ijtimoiy xizmat va yordamlar oilalar kambag‘al deb e’tirof etilgani to‘g‘risidagi ma’lumotlar yoki shaxsning kambag‘al deb e’tirof etilgan oilaning a’zosi ekani haqidagi ma’lumotnoma asosida ko‘rsatiladi.

Oilalarni toifalarga ajratish 2024-yilning avgust oyida Shavkat Mirziyoyev huzurida o‘tkazilgan kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha taqdimotda ma’lum qilingandi.

Avvalroq 2024-yil yakuni bilan O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi 9% dan pasaygani haqida xabar berilgandi.