Avvalroq kambag‘al oilalarni davlat tomonidan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha prezident farmoni qabul qilingani haqida xabar berilgandi. O‘zbekistonda kambag‘al oilalar qizil, sariq va yashil toifalarga ajratiladi
Hujjat bilan 2025-yilning 1-iyunidan “qizil” toifaga kiritilgan oilalarning “a'lo” baholarga o‘qigan talaba qizlariga bazaviy stipendiyaning 2 baravari miqdoridagi maxsus stipendiya to‘lanadi.
1-sentabrdan umumiy o‘rta ta’lim muassasasining uzaytirilgan kun guruhlariga qatnaydigan bolalar umumiy sonining 15%i miqdorida kambag‘al oilalar farzandlari uchun alohida kvota ajratiladi va ular ota-onalar to‘lovidan ozod etiladi.
2026-yildan boshlab kambag‘al oilalarning “a'lo” baholarga o‘qiydigan farzandlarining oromgohlarda dam olishi va sog‘lomlashtirilishi xarajatlari to‘liq qoplab beriladi. Bu O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi tizimidagi oromgohlarga nisbatan tatbiq etiladi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi Kambag‘al oilalar reyestri va Ijtimoiy himoya yagona reyestriga kiritilgan oilalarga ijtimoiy xizmatlar va yordamlar ko‘rsatilishini muvofiqlashtiruvchi davlat organi hisoblanadi.
Aprel oyi oxiridagi Shavkat Mirziyoyev huzuridagi majlisda Kambag‘al oilalar reyestriga kiritish tartibi qonunchilik hujjati darajasida belgilanishi ma’lum qilingandi. Fuqarolarni kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha individual rejalar tasdiqlanib, manzilli xizmat va yordamlar ko‘rsatiladi.
Avvalroq O‘zbekistonda o‘zgalar parvarishiga muhtoj fuqarolar uchun kichik oilaviy uylar tashkil etilishi haqida xabar berilgandi. 1-iyundan fuqarolarga ayrim ijtimoiy xizmatlardan foydalanish xarajatlari vaucher asosida qoplab beriladi.