Ukraina O‘zbekistonga tegishli uchta yuridik va bitta jismoniy shaxsga nisbatan sanksiyalar joriy etdi. Prezident Vladimir Zelenskiy 9-may sanasida tegishli farmonlarga imzo chekdi.

RBC nashrining yozishicha, farmon bilan sanksiyalar ro‘yxatiga Rossiyaning 67 ta, Xitoy, Eron, Belarus va O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan 7 ta kompaniya, shuningdek, Rossiyaning 58 nafar fuqarosi kiritilgan.

Sanksiyalarga harbiy-sanoat majmuasiga aloqador metallurgiya, mashinasozlik, kimyo va samolyotsozlik sohalaridagi korxonalar, shuningdek, Rossiya harbiy-sanoat kompleksi bilan hamkorlik qiluvchi bir qancha konstruktorlik byurolari ham tushgan.

Ular orasida O‘zbekistonning uchta kompaniyasi: Mercury Renaissance, uning sho‘ba korxonasi bo‘lgan Farg‘ona Kimyo Zavodi hamda Raw Materials Cellulose mavjud.

Mercury Renaissance va uning sho‘ba korxonasi Farg‘ona Kimyo Zavodi Muminov Rustam Rahimjonovichga (60%) hamda Tojiyev Shahriyor Saxiyorovichga (40%) tegishli. Raw Materials Cellulose kompaniyasining ta’sischilari sifatida Utkina Larisa Mixaylovna (76%) va Bikova Larisa Raximjonova (24%) ro‘yxatga olingan.

Raw Materials Cellulose kompaniyasining asosiy ta’sischisi Larisa Utkina Rustam Mo‘minov bilan hamkorlikda biznes yuritmoqda. Jumladan, har ikkala shaxs Aloqa Klimkontrol va Excellent Trans Services kompaniyalarida ulushlar egasidir.

Shuningdek, Ukraina prezidenti bir vaqtning o‘zida O‘zbekiston va Rossiya fuqaroligiga ega ekanligi ta’kidlanayotgan Rustam Mo‘minovga nisbatan shaxsiy sanksiyalar joriy etdi.


Avvalroq Spot Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi sanksiyalarni chetlab o‘tishga qarshi kurashni davom ettirishga kelishib olgani haqida yozgandi.

YI O‘zbekiston va Tojikiston bilan yangi shartnomalar imzolash hamda Qozog‘iston bilan viza rejimini soddalashtirish niyatida.