AQSh va Xitoy Jenevadagi ikki kunlik muzokaralardan so‘ng dastlabki savdo kelishuviga erishdi. Bu haqda BBC xabar bermoqda.
Tomonlar 2025-yil yanvar oyidan beri birinchi marta yuzma-yuz uchrashuv o‘tkazdi. Muzokaralar AQSh moliya vaziri Skott Bessent va Xitoy bosh vaziri o‘rinbosari Xe Lifen o‘rtasida bo‘lib o‘tdi. Ikkala amaldor ham muhokamani “konstruktiv” va “ochiq” deb atadi.
Mamlakatlar o‘zaro tariflarni 90 kunga vaqtincha to‘xtatib turishga kelishib oldi. Amerika tomonidan tariflar 145%dan 30%gacha, Xitoy tomonidan esa 125%dan 10%gacha pasayadi.
AQShning savdo masalalari bo‘yicha elchisi Jeymison Grirning aytishicha, erishilgan kelishuv AQShning $1,2 trlnlik savdo taqchilligini qisqartirishga xizmat qilishi kerak.
“Biz savdo urushini yumshatish bo‘yicha sezilarli natijalarga erishdik”, — deya ta’kidladi Bessent.
Bosh vazir o‘rinbosari Xe “muzokaralar yakunlari nafaqat ikki mamlakat, balki global iqtisodiyot barqarorligi uchun ham muhim ahamiyatga ega” ekanligini qo‘shimcha qildi. U “bir qator yirik kelishuvlar"ga erishilgani hamda savdo va iqtisodiyot bo‘yicha doimiy maslahatlashuvlar tizimi yaratilganini ma’lum qildi.
Shu orada prezident Donald Tramp o‘zining Truth Social platformasida uchrashuv natijasini ko‘tarinki kayfiyatda sharhladi.
BBC xabar berishicha, muzokaralar yopiq sharoitda va qat’iy maxfiylik ostida olib borilgan. Oq uy matbuot kotibi aytishicha, kelishuv “savdo bitimi” hisoblanadi, ammo tafsilotlar hozircha oshkor qilinmayapti.
The Wall Street Journal gazetasi ma’lumotlariga ko‘ra, muzokaralar 8 soatdan ortiq davom etgan.
Mazkur xabarlardan so‘ng Xitoy va Gonkong fond bozorlari ko‘tarildi. Tahlilchilar AQShda ham shunday holatni kutishmoqda. Yuan kursi dollarga nisbatan mustahkamlandi.
Shunga qaramay, mutaxassislar ta’kidlashicha: bojlar pasaytirilgan taqdirda ham, ular tarixiy me’yorlardan yuqori darajada qoladi.
“Agar tariflar 20%dan yuqori darajada saqlanib qolsa, bu hali ham jahon savdosi uchun jiddiy to‘siq bo‘ladi”, — dedi Xalqaro savdo palatasi vakili Endryu Uilson.
2-aprel kuni Tramp 185 mamlakat va hududga mahsulotlari uchun bojxona to‘lovlari joriy etilishini e’lon qildi. Rossiya bu ro‘yxatga kiritilmagan. 10%lik umumiy tariflar 5-apreldan, alohida tariflar esa 9-apreldan kuchga kirdi.
Shu bilan birga, 9-aprel kuni AQSh rahbari bir qator davlat va hududlarga nisbatan o‘zaro munosabat tamoyili asosida joriy etilgan qo‘shimcha import bojlarining amal qilishini 90 kunga to‘xtatib turganini ma’lum qildi. Oq uy vakillari tushuntirishicha, bu tanaffus savdo muzokaralarini o‘tkazish bilan bog‘liq bo‘lib, ushbu davrda 10%lik umumiy tarif amal qiladi.