Joriy yilning 1-iyunidan boshlab O‘zbekiston fuqarolari Xitoyga vizasiz safar qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi xabar bermoqda.

Vazirlikning qayd etishicha, o‘tgan yilning dekabr oyi boshida O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida imzolangan hukumatlararo bitim kuchga kirishiga qaratilgan davlat ichki protseduralari tugallandi.

Ko‘rsatilgan xalqaro shartnomaning qoidalariga binoan, hujjat 2025-yilning 1-iyunidan kuchga kiradi. Bitim ikki mamlakat fuqarolarining o‘zaro vizasiz safarlariga doir masalalarni tartibga soladi.

Hujjat bilan ikki davlat fuqarolari mamlakatga kirish, undan chiqish yoki tranzit qilish uchun har bir alohida bo‘lish muddati 30 kundan oshmaydigan va har qanday 180 kunlik davr ichida jami 90 kundan ortiq bo‘lmagan muddatda viza talablaridan ozod qilinadi.

Bunda tomonlarning davlatlari hududiga har bir kirish va bo‘lish muddati 30 kundan oshmasligi lozim. Agar mamlakatda qolish muddati 30 kundan oshadigan bo‘lsa, viza olish talab etiladi.

Vizasiz rejim mehnat faoliyati, o‘qish va media faoliyati bilan shug‘ullanish, shuningdek, boshqa tomon vakolatli organlarining oldindan roziligini talab qiladigan boshqa turdagi faoliyat bilan shug‘ullanishga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Shuningdek, ko‘rsatilgan bitim Xitoyning Gongkong va Makao maxsus ma’muriy hududlariga tashrif buyurishga nisbatan amal qilmaydi.

2024-yilning 1-dekabr kuni O‘zbekiston va Xitoy Tashqi ishlar vazirligi tomonidan ikki mamlakat o‘rtasida vizasiz rejimni joriy etishga qaratilgan bitim imzolandi. Hujjat har ikki mamlakat fuqarolariga har bir tomonga 30 kun davomida vizasiz sayohat qilish imkonini beradi.

“Bu hujjat aloqalarimizni yanada faollashtirish, savdo aylanmasini oshirish va xalqlar o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirish yo‘lidagi yana bir muhim qadamdir”, — deya yozadi vazir.

Joriy yilning aprel oyida Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burhonov tomonlar davlat ichki protseduralarini yakunlash jarayonida ekanligini ma’lum qilgandi.

Avvalroq TIV o‘zbekistonliklarning BAAga kirishi taqiqlangani haqidagi xabarlarni rad etgani haqida xabar berilgandi. Vazirlik ikki mamlakat o‘rtasidagi vizasiz tartib o‘z kuchida ekanligini hamda cheklovlar joriy etilmaganini ma’lumot qildi.