Fayzulla Abdurahimov analitika sohasiga pandemiya davrida qadam qo‘ygan. Bu yo‘nalishni Amerikada davom ettirish istagi esa unda 2019-yilda Work and Travel dasturi orqali bu mamlakatga birinchi marta borgach paydo bo‘lgan.
1998-yilda Toshkentda tug‘ilgan Fayzulla maktab ta’limini bir nechta o‘quv muassasasida olgan. 2014−2017 yillarda Toshkent temir yo‘l transporti kollejida Vagonlarga xizmat ko‘rsatish yo‘nalishida o‘qigan. 2021-yilda Inha universitetining Biznes boshqaruvi va logistika bo‘yicha bakalavr bosqichini, 2023-yilda esa Dallasdagi Texas universitetida Biznes analitika bo‘yicha magistraturani tamomlagan.
U 2022-yildan beri AQShning turli kompaniyalarida data va mahsulot analitigi sifatida ishlagan. 2024-yilda esa Amazon intervyularidan muvaffaqiyatli o‘tib, biznes analitik lavozimiga ishga qabul qilingan. Fayzulla Abdurahimov hozirda kompaniyaning AQShdagi ofisida faoliyat yuritmoqda. U nima uchun analitikani tanlagani, Amerika universitetiga qanday o‘qishga kirgani hamda Amazon’ga ishga kirish va intervyu bosqichlari haqida Spot’ga so‘zlab berdi.
Analitikaga ilk qadam
Yoshligimdan matematikaga qiziqardim va muhandis bo‘lishni orzu qilardim. Ammo bu yo‘nalish menga unchalik qiziq bo‘lmagan — fizika fanini chuqur bilishni talab qilardi. O‘ylaymanki, aynan bu meni analitikaga olib keldi.
O‘zbekistonda universitetda o‘qiyotganimda logistika yoki oddiy biznes yo‘nalishlarida qolishni xohlamasdim. 2020−2021 yillarda hali analitika sohasi haqida bilmasdim, chunki soha endigina rivojlanayotgan edi. Bitiruvga bir yil qolganda — pandemiya paytida chuqur o‘ylab, o‘zimni kelajakda kim sifatida ko‘rishni anglashga harakat qilardim.
O‘sha yil Coursera platformasi ko‘plab kurslarni bepul taqdim etdi va shundan foydalanib, analitikani o‘rganishni boshladim. Excel, SQL va Python bo‘yicha darslarni o‘zlashtirdim. Bu men uchun katta turtki bo‘ldi.
Yana bir muhim voqea — 2019-yilda Work and Travel dasturida qatnashish orqali Amerikada yashash va ishlash istagi paydo bo‘ldi. Analitikani o‘rganish esa shu maqsad sari yetaklovchi yo‘l bo‘lishi mumkinligini angladim. 2021−2022 yillarda jiddiy harakat qildim.
Bu yo‘lda menga ilhom bergan insonlardan biri — Saidakbar Pardayev, hozirda Google’da analitik bo‘lib ishlaydi. Ilk maslahatlarimni aynan undan olganman. O‘sha vaqtda u Uber’da ishlardi. Haligacha maslahat berib, qo‘llab-quvvatlab keladi.
Ish tajribasi
Inha universitetida o‘qiyotganimda ilk bor Excel bilan ishlashni boshlaganman. O‘sha paytlarda Amazon UAE sotib olgan Wing Delivery Marketplace startapi O‘zbekistonda faoliyat yuritgan va men 2018−2020 yillarda uzilishlar bilan uning Dubaydagi filialida moliyaviy menejer yordamchisi bo‘lib ishlaganman. Bu mening birinchi ish tajribam bo‘lgan. Asosan, oddiy Excel formulalar orqali turli moliyaviy hisobotlarni tayyorlash bilan shug‘ullanganman.
To‘liq analitik tajribam esa 2021-yilda PwC audit kompaniyasida boshlangan. U yerda O‘zbekistonning yirik banklari uchun Tableau dasturida dashboardlar yaratganman. Xarajatlar, daromadlar, kreditlar, ish haqlari va byudjet ko‘rsatkichlarini tahlil qilish orqali banklarning ish jarayonini avtomatlashtirishga yordam berganman. Tableau orqali bir necha kun talab qiladigan hisobotlarni tezkor va samarali tarzda taqdim etganmiz. Avval bu ishlar Excel orqali uzoq vaqt talab qilgan. Afsuski, o‘sha vaqtda barcha xodimlarni bu dasturdan foydalanishga o‘rgata olmaganman. Ammo hozir ko‘ryapman — O‘zbekistonda ko‘plab banklar analitikaga ehtiyoj sezmoqda.
Menga bu imkoniyatni bergan inson — Nasiba Sharipova, Angliyadan kelgan menejerimiz edi. U meni jamoaga qabul qilgan va analitik loyihalarda faol ishtirok etishga rag‘batlantirgan. Boshida ish haqi yuqori bo‘lmasa-da, Upwork platformasida frilanser sifatida ishlab, yaxshi daromad olganman.
Soha bo‘yicha dastlabki tajribalarimda ba’zi qiyinchiliklarga duch kelganman. Ayniqsa, PwC’da ishlaganimda, analitikani hali keng qo‘llamaydigan bizneslar, xodimlar almashinuvi va bilimli mutaxassislarning yetishmasligi bor edi. Shunga qaramay, analitikani aynan amaliyot orqali o‘rganish samaraliroq ekanini angladim — asosiy ko‘nikmalar aynan ish davomida shakllanadi.
Nega aynan Amerika?
Amerikaga bo‘lgan qiziqishim bolaligimdan boshlangan. Ko‘plab Amerika filmlarini, jumladan Twilight’ni tomosha qilishim bu orzuning mustahkamlanishiga sabab bo‘ldi. Film Oregon va Washington shtatlarida suratga olingan edi. Bu orzum ushalib, hozirda Washington shtatining Seattle shahrida yashayman va ushbu filmda aks etgan lokatsiyalarga tashrif buyurishga ham muvaffaq bo‘ldim.
2019-yilda ilk bor Work and Travel dasturi orqali Amerikaga borganim ham bu yerga qaytib kelishimga sabab bo‘ldi. Bu xorijdagi ilk tajribam bo‘lib, to‘rt oy davomida sohilda yashaganman. Bu men uchun tajriba orttirish davri bo‘lgan. Amerikaliklar bilan ishlashish, ularning madaniyatini yaqindan o‘rganish hayotimga katta ta’sir qilgan.
O‘shanda yirik mehmonxonalarda xona tozalovchi va burger sotuvchisi sifatida ishlaganman. Bu qisqa muddat ichida Amerika menga juda yaqin bo‘lib qoldi va olgan taassurotlarim hayotimda chuqur iz qoldirdi.
Amerika orzusi tomon yo‘l
2022-yilning noyabrida Toshkentdagi AQSh elchixonasidan viza uchun rad javobini olganim hali ham esimda — bu men uchun og‘ir bo‘lgan. Ayniqsa, suhbat oxirida berilgan ikkita savol barcha rejalarimni o‘zgartirib yuborgan. O‘shanda xatolik o‘zimdan o‘tganini tushunganman va shu daqiqadan boshlab orzularimdan vaqtincha voz kechishga majbur bo‘lganman.
Ammo oradan bir oy o‘tib, bir nechta talabaning Abu Dabi orqali viza olishayotgani haqidagi xabarlarni eshitib qoldim. Ko‘p o‘ylab o‘tirmay, bor narsalarimni, hujjatlarimni yig‘ib, Abu Dabiga yo‘l oldim. Bu safar anchagina xarajatga tushgan bo‘lsa-da, bu tajriba o‘zini oqladi — AQSh vizasini qo‘lga kiritdim.
Moslashish davri
2022-yilda Texas shtatining Dallas shahriga ko‘chib o‘tdim. Iqlimi va havosi Toshkentnikiga o‘xshash — doim issiq, yoz-u qishning farqi unchalik sezilmaydi. Shaharga moslashishim nisbatan oson kechdi. U yerda Ilhom Hasanov ismli inson bilan tanishdim — u Texasdagi logistika kompaniyasi rahbari bo‘lib, kompaniya Datatruck nomli startapning ilk investorlaridan biri hisoblanadi. Ilhom aka menga ko‘p yordam bergan, hatto mashina olib berib, to‘lovni asta-sekin bo‘lib amalga oshirishimni aytgan. Biroq, o‘z vaqtida to‘lovlarni bajara olmasligimdan xavotirlanib, mashinani atigi to‘rt oy ichida qaytarib berganman. Shunga qaramay, Ilhom aka buni to‘g‘ri tushunib, hech qanday e’tiroz bildirmagan.
Foto: Fayzulla Abdurahimovning shaxsiy arxividan
Amerikada ham do‘stlarim bor edi, ular ham moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlashdi. Asosiy muammo — moliyaviy yetishmovchilik edi. Barcha mablag‘im o‘qish va yashash xarajatlariga ketib qolardi. Texasda mashinam bo‘lmagani uchun vatandoshlar bilan uchrashish qiyin bo‘lgan. Jamoat transporti esa deyarli mavjud emas, shu tufayli universitet yaqinida yashashimga to‘g‘ri kelgan va faqat universitet transportidan foydalanganman. Magistratura va PhD dasturlarida ko‘pincha hind va xitoylik talabalar o‘qishadi. Men ham 2 yil davomida hindistonlik talabalar bilan bir uyda yashaganman.
Bu yerda odamlarning o‘z sog‘lig‘i va tashqi ko‘rinishiga bo‘lgan e’tiborini ko‘rib hayron qolganman. Ayniqsa, moliyaviy imkoniyati bor odamlar sport bilan jiddiy shug‘ullanadi, aqlni rivojlantiruvchi mashg‘ulotlarga ahamiyat berishadi. Madaniy hordiq — toqqa chiqish, chang‘i uchish, yugurish, baliq ovlash yoki o‘rmon bo‘ylab sayohat qilish kabilarni qadrlashadi. Bu hayot tarzi menda katta taassurot qoldirgan va hozirda sog‘lom turmush tarziga qiziqishim ortgan.
Diniy va madaniy jihatdan farqlar bo‘lishiga qaramay, odamlar juda bag‘rikeng — turli din, madaniyat va yashash tarziga hurmat bilan qarashadi. Bu yerda ijtimoiy munosabatlar va shaxsiy farovonlik birinchi o‘rinda turadi. Ammo, oxirgi vaqtlarda yuzaga kelgan iqtisodiy muammolar ham bu muhitga biroz ta’sir qilmoqda.
Yashash xarajatlari: Texasda ijara uchun $1200, ovqatlanish — $1000−1200 hamda avtomobil uchun yoqilg‘i xarajatlariga $200 sarflayman. Shu bilan birga, bunga shaxsiy ehtiyojlar va boshqa kundalik xarajatlar ham qo‘shiladi.
Amerika ta’lim tizimi
Amerikada oliygohlarga o‘qishga topshirish uchun tayyorgarlik jarayonlari odatda IELTS va GMAT yoki GRE testlarini topshirishdan boshlanadi. Bakalavr darajasi uchun esa SAT ham talab etiladi.
Hujjatlar ro‘yxatiga, shuningdek, ta’limga oid ma’lumotlaringiz, jumladan, o‘qigan maktabingiz, diplomlaringiz va boshqa kerakli akademik ma’lumotlar kiradi. Ariza topshirishda har bir universitetning hujjatlarni qabuli uchun belgilangan to‘lovlari mavjud, bu $150−200 atrofida bo‘ladi.
Foto: Fayzulla Abdurahimovning shaxsiy arxividan
Universitetlar nafaqat akademik natijalaringizga, balki sizning boshqa jabhalardagi faolligingizga ham e’tibor qaratishadi. Masalan, startaplar, tadqiqot ishlari, klub rahbarligi yoki volontyorlik — bularning barchasi hujjat topshirishda ijobiy baholanadi. Tadqiqot ishlarini Amerikada davom ettirishni istaganlar esa avvalo O‘zbekistondagi professorlar bilan hamkorlik qilib, ilmiy maqolalar chop etishlari foydalidir.
Amerikadagi ta’lim tizimining o‘ziga xos jihatlaridan biri — erkinlik. Hech kim sizni o‘qishga majburlamaydi; o‘qish — sizning shaxsiy mas’uliyatingiz. O‘qituvchilar odatda bag‘rikeng, ochiq fikrli va talabalar bilan erkin muloqotda bo‘ladilar. Kim xohlamasa darslarda qatnashmasligi mumkin, ammo bu sizni intizomli bo‘lishga undaydi.
Ko‘plab fanlar standart asosda o‘qitiladi. Biroq, universitetlar asosan tadqiqotga katta e’tibor qaratadi — bu soha uchun katta mablag‘lar ajratiladi va yetakchi professorlar jalb qilinadi. Agar siz Amerika professor yordamchisi bo‘lsangiz va tadqiqot olib borsangiz, o‘qish bepul bo‘lishi ham mumkin. Professorlar nafaqat dars beradi, balki doimiy tadqiqot ishlari bilan shug‘ullanadi va ishlab chiqarish sohalarida ham faoliyat yuritadi. Har yili AQSh universitetlariga taxminan 300−400 nafar professor qabul qilinadi, bu esa raqobat juda kuchli deganidir.
O‘qishdan tashqari ishlash
Texas universitetiga o‘qishga kirgach, ish topishga harakat qildim. Talabalarga universitet doirasidagi ishlarda haftasiga 20 soatgacha ishlashga ruxsat beriladi. Dastlab universitet ilovalari orqali ish izladim va 3−4 ta suhbatdan o‘tdim. Oradan 2 oy o‘tgach — martda Student Union’da ishga joylashdim. Menga soatiga $10 dan ish haqi berilardi, bu unchalik ham yuqori bo‘lmasa-da, xarajatlarimni to‘liq qoplashimga yetardi.
Yozda esa 40 soat ishlash imkoniyati paydo bo‘ldi. Aprel-may oylarida yana ish izlay boshladim va o‘z yo‘nalishim bo‘yicha ishlash imkoni paydo bo‘ldi: 2022-yilning may oyida universitetimizdagi Brain Health tadqiqot loyihasiga analitik sifatida qabul qilindim. Ish haftasiga 20 soatni tashkil etib, unda inson miya salomatligiga oid ma’lumotlar ustida ishlardim. Loyiha menga netvorking, boy tajriba va yaxshi daromad berdi deyishim mumkin. Bu Amerikada o‘z sohamdagi birinchi ish tajribam bo‘ldi.
Loyiha rahbarlaridan biri Aaron Tate menga ishonch bildirib, o‘z soham bo‘yicha dastlabki eshikni ochib berdi. Shu tariqa, 2022-yil yozida har hafta 20 soat Student Union’da, yana 20 soat uydan turib, Brain Health loyihasida ishladim. Bu davr juda tig‘iz hamda foydali bo‘ldi.
Foto: Fayzulla Abdurahimovning shaxsiy arxividan
Bir yil o‘tgach, Curricular Practical Training (CPT) dasturi orqali butun Amerika bo‘ylab to‘liq (haftasiga 40 soat) ishlash huquqini qo‘lga kiritdim. 2023-yil boshidan soham bo‘yicha amaliyot o‘tashni niyat qilgandim. Ammo 2022-yil oxirida Amerika iqtisodiyotidagi pasayish tufayli ish topishim ham qiyinlashib bordi. Butun yoz bo‘yi ko‘plab arizalar topshirishim, intervyularda qatnashishimga qaramay, birorta ham kompaniyaga ishga kira olmadim.
Dekabrga kelib, ish topishga atigi bir oy vaqtim qolgandi: agar amaliyot uchun ish topa olmasam, buni universitetda alohida dars sifatida olishimga to‘g‘ri kelar va bu qo‘shimcha xarajatlarni keltirib chiqarishi mumkin edi. Aynan o‘sha vaqtda haqiqiy mo‘jiza yuz bergan. LinkedIn orqali Maya Abi Nader ismli inson menga yozib qoldi. U Johnson & Johnson kompaniyasida analitika menejeri edi. Ertasiga intervyuga chaqirishgan, undan ko‘p o‘tmay menga qo‘ng‘iroq qilib, qachon ish boshlashimni so‘rashgan.
Boshida bu firibgarlik bo‘lib chiqsa-chi, deb ishonmadim, chunki ko‘plab kompaniyalarda intervyular 2−3 haftaga cho‘zilar va bunchalik tez ishga qabul qilishmasdi. Barchasi rost bo‘lib chiqdi. 2023-yilning yanvaridan Johnson & Johnson tarkibidagi Jansen bo‘limida analitik sifatida faoliyatimni boshladim.
Biz dorilar ta’minot zanjiri bo‘yicha ishlardik. Ish haqim soatiga $30 ni tashkil etib, bu kontrakt to‘lovlari va kundalik xarajatlarimni toplashga to‘liq yetardi. Quvonarlisi, ishim onlayn edi.
Rasmiy ravishda ish boshlaganimdan keyin, Maya xonimga boshida ikkilanganimni aytganimda, u kulib: “Sen menga may oyida yozganding, ilovamiz ishlamay qolgan edi, lekin seni eslab qoldim va dekabrda yana yozishga qaror qildim. Sendan boshqa tanishim yo‘q, vaqt esa juda kam edi, seni ko‘rib, to‘g‘ri kelishingni sezib yozganman”, — dedi.
Bu voqeani hayotimdagi mo‘jiza deb bilaman: necha oydan beri ish topa olmay, oxirgi bir oyda ikki kun ichida ishga qabul qilinganman.
Amazon’ga ishga kirish
Johnson & Johnson’da bir yil ishladim, 2023-yil oxirida shartnoma muddatim tugab, o‘qishim ham oxirlab qolgandi. Natijada, 2024-yilning yanvaridan boshlab kompaniyalarda to‘liq shartnoma asosida ishlash imkoniyatiga ega bo‘lgandim.
To‘g‘risi, ish uchun men faqat Amazon kompaniyasidan taklif olishga erishganman. Bunga qadar Johnson & Johnson, American Airlines, JP Morgan, Goldman Sachs va yana bir nechta kichik kompaniyalarda intervyudan o‘tgan bo‘lsam, ularda asosan muvaffaqiyatsizlikka uchrardim. Aynan Amazon intervyulariga jiddiy tayyorlanib, 2024-yilning iyun oyida suhbatlardan muvaffaqiyatli o‘tganman.
Intervyugacha bo‘lgan jarayon — rezyume topshirish bosqichi. Bu bosqichda kompaniyaga rezyume yuboriladi. Agar nomzodligingiz kompaniyani qiziqtirsa, rekruter siz bilan bog‘lanib intervyuga taklif qiladi.
Ikkinchi bosqich — Phone Screening bosqichi. Bu telefon orqali o‘tkazilib, unda sizga biznesga oid savollar va SQL bo‘yicha topshiriqlar beriladi. Agar telefon orqali suhbat olish bosqichlaridan o‘tsangiz, yakuniy intervyuga chaqirilasiz. Bu bosqichda kun davomida siz bilan 5 ta intervyu o‘tkaziladi, ularning har biri esa 1 soat davom etadi.
Yakuniy bosqichda savollar asosan Amazon’ning 16 ta liderlik prinsipi asosida bo‘ladi. Unda STAR metodi orqali tajribangizni ifodalashingiz kerak. Bundan tashqari, suhbatda logistika va biznes-keys bo‘yicha savollar ham bo‘lishi mumkin. Alohida SQL, Tableau va Power BI bo‘yicha texnik intervyu ham mavjud.
Amazon’dagi ish muhiti
Ish vaqti odatda besh kun — dushanbadan jumagacha, soat
Ish muhiti esa juda professional va ilhomlantiruvchi. Ko‘plab hamkasblarim dunyoning nufuzli universitetlarida MBA yoki PhD darajasini olgan, tajribali mutaxassislar. Katta miqyosdagi loyihalar ustida ishlaymiz. Masalan, bizning jamoamiz Tramp tariflarining Amazonga ta’siri ustida ishlaydi.
Ilgari “FANG” (Facebook, Amazon, Netflix va Google) degan atama bo‘lardi. Bu kompaniyalarda ishlash orzu edi va bu nufuz hanuz saqlanib qolgan. Amazon esa ulardan farqli ravishda faqat texnologiya emas, balki keng qamrovli sohalarda faoliyat yuritadi.
Amazon nafaqat e-commerce bilan, balki quyidagi yo‘nalishlarda ham faol:
- Kosmos: Amazon Kuiper loyihasi;
- Logistika: Amazon Relay;
- Media: Amazon Prime Video;
- Savdo tarmoqlari: Whole Foods va Amazon Fresh;
- Bulutli texnologiyalar: AWS (Amazon Web Services).
Ko‘plab sohalarda bir vaqtda faoliyat yuritishi Amazonning asosiy ustunliklaridan biridir. Bu holat har xil yo‘nalishdagi mutaxassislar bilan ishlash imkonini beradi va doimo yangi narsalarni o‘rganishga undaydi.
Foto: Fayzulla Abdurahimovning shaxsiy arxividan
Loyihalarim haqida. Men hozirda Amazon Seller Fulfillment Services bo‘limida, texnologiya yaratish jamoasida ishlayapman. Asosiy vazifamiz — Amazon sotuvchilari uchun xizmatlarni yaxshilashga qaratilgan texnologik yechimlar ishlab chiqish.
Eng muhim loyihalarimdan biri — OTDR (On-Time Delivery Rate). Ilgari Amazon sotuvchilar yukni kech yetkazgan taqdirda ham jazo choralarini ko‘rmas edi. Biroq 2024-yil oktabrdan boshlab, yetkazib berish ko‘rsatkichi 60% dan past bo‘lsa, sotuvchilar avval ogohlantiriladi, keyinchalik esa bloklanishi mumkin.
Shu tizimni amalga oshirishda:
- Analitika platformalari va hisobot tizimlarini yaratishda faol ishtirok etdim;
- SQL va Amazon Quicksight orqali hisobotlarni avtomatlashtirdim;
- Yaratgan vositalarim yordamida sotuvchilarning yetkazib berish ko‘rsatkichlarini real vaqtda kuzatish imkoniga ega bo‘ldik.
Hozirda 6 nafar loyiha va mahsulot menejerlari o‘z ish faoliyatida men ishlab chiqqan hisobotlardan foydalanishmoqda. Hatto ba’zi hisobotlarim kompaniya vitse-prezidentiga taqdim etilgan.
Maosh va bonuslar
Amerikada eng daromadli sohalar bu muhandislik, tibbiyot, huquqshunoslik va moliya yo‘nalishlari hisoblanadi.
Levels.fyi ma’lumotlariga ko‘ra, Amazon’ning Amerikadagi ofisida ishlovchi biznes-analitiklar darajasidan kelib chiqib, oyiga bonus va aksiyalarni qo‘shib hisoblaganda $102,6 mingdan $318,2 ming va undan yuqori miqdorda maosh olishadi.
Ish haqi yashash joyingiz va lavozimingiz qarab farqlanadi. Shuningdek, xodimlarga motivatsiya sifatida oylikdan tashqari qo‘shimcha aksiyalar ham berib boriladi. Bu juniorlar uchun yiliga $14,7 ming, middle — $19,1 mingdan $32,5 minggacha, senior darajasi uchun $124 ming va undan yuqorini tashkil qiladi.
Bonuslar ham shu tariqa oshirib boriladi — juniorlar uchun yiliga $3,1 ming, middle — $1,1 mingdan $3,2 minggacha va seniorlar uchun $16,1 ming atrofida beriladi.
Kasbiy xatolar va keyingi rejalar
Eng katta xatoyim — talabalik davrida ilmga yetarlicha e’tibor bermaganim. Agar imkoniyatim bo‘lganida, ko‘proq tadqiqotlar bilan shug‘ullanib, PhD darajasiga intilgan bo‘lardim. Hozir ham bu yo‘l ochiq, ammo maqsadlarim boshqa yo‘nalishga qaratilgan.
Yaqin 2−3 yil davomida Amazonda faoliyat yuritish niyatidaman. Keyinchalik boshqa kompaniyalarga o‘tish ehtimoli ham bor. Hozir asosiy e’tiborim — sun’iy intellekt sohasida chuqurlashish. Shu yo‘nalishda jamoalar bilan ishlash, real loyihalarda ishtirok etish istagidaman. Agar SI yo‘nalishidagi jamoaga o‘tish imkoniyati Amazonda mavjud bo‘lsa, faoliyatimni shu yerda davom ettiraman. Ammo bir joyga bog‘lanib qolish rejamda yo‘q.
Amazon SI sohasiga PhD va magistr darajasiga ega mutaxassislarni yollaydi va bu yo‘nalishga katta mablag‘ ajratadi. Men ham shu muhitda o‘z bilimim va tajribamni oshirib, iz qoldirishni maqsad qilganman.
O‘zbekiston haqida esa doim o‘ylab yuraman. Ota-onam, do‘stlarim va qarindoshlarim u yerda — bu esa men uchun olis masofa. Ehtimol, bir kun qaytarman. Lekin hozirgi rejam — kelgusi 10 yil davomida Amerikada faoliyat yuritish. Albatta, bu rejalar hayotda o‘zgarishi mumkin.
Foto: Fayzulla Abdurahimovning shaxsiy arxividan
Bo‘lajak biznes analitiklarga tavsiyalar
Agar biznes analitik bo‘lishni xohlasangiz, avvalo statistikani chuqur o‘rganishni tavsiya qilaman. Bu borada Khan Academy platformasida bepul va sifatli kurslar mavjud — ayniqsa statistikani o‘rganishda juda foydali.
Bugungi kunda o‘rganish uchun imkoniyatlar cheksiz: Coursera, Udemy, va ko‘plab PDF kitoblar orqali kerakli bilimlarni egallash mumkin. Asosiy masala — bir yo‘nalishni tanlab, unga chin dildan yondashish.
Shaxsiy tavsiyam — matematika, statistika va dasturlashga alohida e’tibor qaratish. Aynan shu sohalar sizni boshqalardan ajratib turadi va kasbiy o‘sishingizda muhim rol o‘ynaydi.