President Tech Award tanlovining uchinchi to‘lqiniga arizalar qabul qilinmoqda.

Umumiy sovrin jamg‘armasi $1 mlnni tashkil qiluvchi tanlov asosiy va maxsus yo‘nalishlar bo‘yicha o‘tkaziladi.

Tanlovning asosiy yo‘nalishi quyidagicha:

  • Sun’iy intellekt texnologiyalari;
  • Ijtimoiy yo‘nalishdagi raqamli texnologiyalar;
  • Micro-SaaS va AdTech sohasidagi yechimlar;
  • Kompyuter va mobil o‘yin dasturlari;
  • Tadbirkorlik va moliyaviy texnologiyalar.

Asosiy yo‘nalish bo‘yicha g‘oliblar quyidagicha taqdirlanadi:

  • 1-o‘rin — $100 ming;
  • 2-o‘rin — $50 ming;
  • 3-o‘rin — $30 ming.

Bunda pul mukofotlari 5 ta yo‘nalishning har birida 1, 2, 3-o‘rin sovrindorlari uchun alohida beriladi. Hakatonning maxsus yo‘nalishi uchun pul mukofoti $100 mingni tashkil etadi.

Tanlovda ishtirok etish bepul bo‘lib, faqat 1 ta asosiy va maxsus yo‘nalish bo‘yicha ariza topshirish mumkin. Jamoalar tarkibi asosiy yo‘nalishda 3−8 kishi, maxsus yo‘nalishda esa 3−5 kishidan iborat bo‘lishi kerak.

Asosiy yo‘nalishda faqat 30 yoshga bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari ishtirok etishlari mumkin. Maxsus yo‘nalishda esa IT-Park rezidentlari bo‘lgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ham ishtirok etish imkoniyatiga ega.

Tanlov doirasida ishlab chiqilgan loyihalarni amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlar qoplab berilmaydi. Jamoa tarkibiga o‘zgartirishlar tashkiliy qo‘mita bilan kelishilgan holda amalga oshirilishi mumkin.

Arizalar joriy yilning 30-iyunigacha havola orqali qabul qilinadi.

Nomzodlar loyihani tavsiflovchi 3 daqiqalik video, PDF formatidagi loyiha taqdimoti hamda loyiha prototipiga havola (MVP) ni taqdim etishi kerak. Taqdimot namunasi.

5-iyuldan 25-iyulgacha dastlabki saralash bosqichi o‘tkazilib, 10−20 avgust oralig‘ida Bootcamp tashkil etiladi. 5-sentabrdan 25-sentabrgacha saralangan loyihalar onlayn baholanadi. 10-oktabrdan 25-oktabrgacha maxsus yo‘nalish doirasida hakaton o‘tkaziladi.

Shuningdek, 5-noyabrdan 25-noyabrgacha Demo Day tashkil etish hamda 25-noyabrda taqdirlash marosimini o‘tkazish belgilangan. Batafsil ma’lumotlar bu yerda.


Avvalroq Singapore-Jinan innovatsion startaplar tanloviga arizalar qabul qilinayotgani haqida xabar berilgandi.