Shavkat Mirziyoyev 13-may kuni seysmik xavfsizlikni kuchaytirish chora-tadbirlariga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

2017-yildan buyon joylarda 11 410 ta ko‘p qavatli uylar qurilgan. Qurilishning asoslaridan biri bo‘lgan seysmologiya sohasi rivojlantirilmoqda. Ko‘p qavatli uylarning zilzilaga bardoshliligini oshirish va aholining seysmik xavfsizligini ta’minlash choralari ko‘rilmoqda.

Davlat loyiha institutlari mutaxassislari ishtirokida joylarda o‘rganishlar o‘tkazildi. O‘rganish natijalari va hududlarning seysmik holati tahlili asosida tizimni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.

Unga ko‘ra, binolarni o‘rganish bo‘yicha yangi amaliyot yo‘lga qo‘yiladi. Buning uchun xorijiy mutaxassislar jalb qilinadi. Zilzilaga va boshqa tabiiy ofatlarga bardoshli uylarni qurish bo‘yicha tajriba almashish kengaytiriladi. Binolar instrumental texnik tekshiruvdan o‘tkazilib, kamchiliklar bartaraf etiladi.

Shuningdek, seysmik xavfni, ta’sirni va xatarni baholash yuzasidan me’yoriy hujjatlarga o‘zgartirishlar kiritish nazarda tutilgan.

binolar, prezident, qurilish, seysmik pasport, zilzila, sherzod hidoyatov

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Sherzod Hidoyatov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida qurilayotgan bino-inshootlarning seysmik xavfini o‘rganish bo‘yicha topshiriq berilganini qayd etdi.

Yaponiyalik mutaxassislar ishtirokida qonunchilik doirasida seysmik xavfning oldini olish, qurilayotgan hamda qurilib bo‘lgan binolarning seysmik holatini nazorat qilishga qaratilgan choralar ishlab chiqiladi.

“Prezident elektron pasport orqali nazorat tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriq berdi. Bu bo‘yicha alohida qaror loyihasi ishlab chiqiladi hamda mamlakatda olib borilayotgan barcha qurilish obyektlarida bino-inshootlarning seysmik pasporti shakllantiriladi”, — dedi vazir.

Ushbu tizim bino-inshootlarda o‘rganish olib borish, ular natijasida texnik ko‘rish o‘tkazish hamda binolarni baholashdan o‘tkazishni nazarda tutadi. Hidoyatovga ko‘ra, bu orqali “aholi xavfsiz yashashi uchun sharoit yaratiladi”.

Davlat rahbari qurilishda sifat va xavfsizlik birinchi o‘rinda ekanini ta’kidlab, bu yo‘nalishlarni ilmiy rivojlantirish, sohaga yangi yondashuvlarni joriy etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Avvalroq ikki qavatgacha bo‘lgan uylar qurilishini xususiy sektor nazorat qilishi haqida xabar berilgandi. Bundan tashqari, kichik noturar bino va inshootlar hamda yengil konstruksiyali qurilmalar ham xususiy sektor nazoratiga olinadi.