Avvalroq prezident Toshkentda rejalashtirilgan renovatsiya va investitsiya loyihalari taqdimoti bilan tanishgani haqida xabar berilgandi. Bosh rejada 300 dan ortiq renovatsiya manzili belgilangan bo‘lib, 2025−2026 yillarda birinchi bosqichda 65 ta turar-joy loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan.
Bektemir tumanida Bektemir City turar-joy majmuasini qurish taklif etilmoqda. Loyiha tashabbuskori — tuman hokimligi. Bu haqda O‘zbekiston 24 telekanali lavhasidan ma’lum bo‘ldi.
Mazkur loyiha tumanning Zabardast MFY hududidagi 37,5 gektar yer maydonida amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda. Unda yangi quriladigan binolarning umumiy maydoni 510 ming kv.metrni tashkil etadi.
Loyiha qiymati $400 mlnga baholanmoqda, uning doirasida 108 ming kv.metr maydonda 6 204 ta xonadondan iborat 49 ta ko‘p qavatli turar-joylarni qurish ko‘zda tutilgan.
Bu yerda jami 1 800 o‘rinli 8 ta bolalar bog‘chasi hamda 3 360 o‘rinli maktab barpo etiladi. Shu bilan birga, 114 ming kv metr maydonda yashil hudud hamda 305,4 ming kv.metr maydonda xizmat ko‘rsatish sohasi obyektlari qurilishi mo‘ljallangan.
Loyiha natijasida 19 mingta ish o‘rni yaratilishi hamda hududda yangi aholi soni 49,86 mingtani tashkil etishi kutilmoqda.
Avvalroq 2025-yilda Angrenda Angren city kompleksi qurilishi boshlanishi haqida xabar berilgandi. Loyiha doirasida 2 810 ta xonadonga mo‘ljallangan 41 ta ko‘p qavatli turar joy quriladi.