Markaziy bank iste’molchilar bilan o‘zaro munosabatlarda banklar faoliyatiga qo‘yiladigan minimal talablar to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirishlar kiritishga qaratilgan hujjat loyihasini ishlab chiqdi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.

Hujjat bilan mijozlarni xabardor qilish talablarini kuchaytirish belgilangan. Xususan, kredit kartalarini rasmiylashtirishda axborot varaqasini tuzish amaliyotini joriy etish rejalashtirilmoqda.

Axborot varaqasi iste’molchilarga kredit karta shartlari to‘g‘isida to‘g‘ri va to‘liq ma’lumot berish hamda kredit karta shartlarini taqqoslash imkonini beradi. Karta yoki kreditni rasmiylashtirishda ilovada varaqani elektron formatda tuzish va yuklab olish mumkin bo‘ladi.

Ro‘yxatga quyidagi ma’lumotlar kiradi:

  • to‘lov tizimi (Visa, Mastercard, Humo va boshqalar);
  • kredit limiti (minimum va maksimum miqdori);
  • xaridlar, pul o‘tkazmalari, limitni naqdlashtirish va boshqa operatsiyalar uchun foiz stavkalari;
  • to‘liq yillik foiz stavkasi (APR);
  • foizsiz (greys) davr, u amal qiluvchi va amal qilmaydigan operatsiyalar;
  • oylik minimal to‘lov;
  • karta bo‘yicha qarzni to‘lash sanasi yoki uni aniqlash tartibi;
  • operatsiyalar bo‘yicha ko‘chirma berish sanasi;
  • shartnoma shartlari bajarilmaganligi va muddati o‘tgan to‘lovlae bo‘yicha jarima va penyalar;
  • karta bo‘yicha ta’minot (zarur bo‘lganda);
  • kartani rasmiylashtirish muddatlari;
  • limitdan voz kechish muddati;
  • doimiy muddatli to‘lovlar (abonent to‘lovi va h.k.);
  • xaridlar, o‘tkazmalar, naqdlashtirish va boshqa operatsiyalar, O‘zbekistondan tashqaridagi tranzaksiyalar uchun komissiyalar;
  • kartani chiqarish va qayta chiqarish uchun to‘lov.

Banklar tomonidan qarz oluvchilarga kredit taqdim etish to‘g‘risidagi arizasi ijroga qabul qilinganligi to‘g‘risida SMS-xabarnoma yuborilishini ta’minlashlari kerak bo‘ladi.

Shuningdek, loyiha bilan quyidagi talablarni kiritish ilgari surilmoqda:

  • kredit shartnomalariga qarzdorning hisobvarag‘larida har qanday davr mobaynida ma’lum miqdordagi kamaymaydigan pul mablag‘i qoldig‘i yoki aylanmasi mavjud bo‘lishi yuzasidan shart kiritilishini cheklash;
  • kredit ta’minotiga qabul qilingan garov mulklarini kreditning asosiy qarzi qoldig‘iga mutanosib ravishda bosqichma-bosqich garovdan chiqarish yoki garov narsasini almashtirish bo‘yicha shaffoflikni ta’minlash;
  • bankning kreditor sifatidagi huquqlari sug‘urta qiluvchiga subrogatsiya orqali o‘tganda, bu to‘g‘risida qarzdorni belgilangan tartibda xabardor qilish;
  • bank va garovga qo‘yuvchi kelishgan holda kredit qarzdorligini qoplash uchun garovga qo‘yilgan mol-mulkni suddan tashqari tartibda sotish.

Markaziy bankning qayd etishicha, loyiha banklarning ayrim insofsiz amaliyotlaridan foydalanishni cheklash va kredit arizalarini ko‘rib chiqishda ularning mas’uliyatini oshirish imkonini beradi.

Avvalroq Markaziy bank banklar va yirik qarz oluvchilarga nisbatan tartibga solishni kuchaytirishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.