Qozog‘istonda davlat xizmatchilariga ChatGPT’dan foydalanish taqiqlandi. Bu haqda Raqamli rivojlanish, innovatsiyalar va aerokosmik sanoat vazirining birinchi o‘rinbosari Qanich Tuleushinga tayanib Zakon.kz xabar berdi.

Uning ta’kidlashicha, Raqamli rivojlanish vazirining xizmat maqsadlarida, ayniqsa DSP formatidagi hujjatlarda ChatGPTdan foydalanmaslik to‘g‘risidagi buyrug‘i chiqqan.

Shuningdek, u cheklovlar bilan masala hal etilmasligini, shuning uchun muqobil yechim — mahalliy neyron tarmoq taklif qilinganini ta’kidladi.

“Kimki ish samaradorligini oshirish uchun til modelidan foydalanmoqchi bo‘lsa, unda olimlarimiz tomonidan ishlab chiqilgan muqobil yechim bo‘ladi. Bizning katta til modelimiz serverlarimizda yopiq tizimda ishlaydi”, deya ta’kidladi Tuleushin.

U ma’lumotlar sizib chiqishi holatlarini oldini olish uchun bu zarur ekanligini tasdiqladi. Ammo hozircha qaysi neyron tarmog‘i orqali u yoki bu ish bajarilganini tekshirish imkonsiz.

Tuleushinning aytishicha, hozirgi paytda har qanday fuqaro xohlagan neyron tarmog‘idan foydalanishi mumkin.


Avvalroq Spot ChatGPT ishlab chiquvchisi O‘zbekistonda soliq to‘lovchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tgani haqida yozgandi.