E’tibor qarating: ma’lumotlar faqat tanishtirish maqsadida taqdim etildi. Spot narxlarni markazlarning o‘zida qayta tekshirishni tavsiya qiladi.


Unicorn IT Academy

O‘quv markazdagi jami kurslar soni 8 tani tashkil etib, darslar 4−7 oy davomida olib boriladi. Foundation Java, foundation Python, foundation JavaScript, backend, front-end, mobile, dev-Ops hamda IT for Kids kurslari mavjud.

Frontend kursida HTML,CSS (1 oy), Bootstrap,SASS-static (1 oy), JavaScript (1 oy), React js (2 oy) bo‘yicha bilimlar o‘rgatiladi.

Android and IOS Development kursida esa Android Studio, Fragments, Broadcast va FireBase o‘qitiladi.

Minimal narx 690 ming so‘m, maksimal narx 1 mln 500 ming so‘mni tashkil etadi.

Hozirda markaz Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan bo‘lib, Chilonzor tumani Chilonzor metro bekati yaqinida yangi binosi oldida filialini ochgan.


PDP Academy

PDP — bu oflayn va onlayn ta’lim shakliga ega IT akademiya bo‘lib, 7 yildan buyon mahalliy va xalqaro IT kompaniyalarga dasturchilar tayyorlab kelmoqda. Markazdagi oflayn kurslar 2 ga bo‘lingan bo‘lib, dastlab 2,5 oylik dasturlash asoslari boshlang‘ich Foundation kursi o‘qitiladi. Uni tugatgandan so‘ng talabalar imtihon topshirib asosiy mutaxassislik kurslariga o‘tishadi.

Mutaxassislik kurslari standart va intensiv shaklda bo‘lib, dasturlashning 5 ta yo‘nalishida o‘qitiladi. Bular:

  • Java backend;
  • .NET backend;
  • Python backend;
  • Frontend (React.JS);
  • Mobile (Flutter development);
  • Project Management;
  • 1C programming;
  • Generation (14−15 yoshdagilar uchun).

O‘quv markazdagi darslar davomiyligi 3−4 soatni tashkil qiladi.

Bu akademiyada minimal narx 600 ming so‘m, maksimal narx 2 mln 850 ming so‘mni tashkil etadi.

Hozirda markaz Toshkent shahri Shayxontohur tumani Beruniy ko‘chasi 3A uyda faoliyat yuritmoqda.


PROWEB

Bu o‘quv markazdagi jami oflayn kurslar soni 16 tani tashkil etib, darslar davomiyligi 2−10 oy, 1,5−3 soat olib boriladi.

Web dasturlash, PRO Design va Internet Marketing, Python, 3DS Max va AUTOCAD, Motion Design & Video Montaj singari kurslar o‘qitiladi.

WEB Dasturlash kursida:

  • Web-sahifalarni yaratish asoslari (Visual studio, HTML, Figma va CSS);
  • Kodning to‘g‘ri tuzilishi — BEM, loyihalarni xavfsiz saqlash va portfolioni Git tizimi yordamida bulutli xizmatlarga (GitHub va boshqalar) yuklash;
  • Eng moslashuvchan JavaScript dasturlash tilini to‘liq o‘rganish;
  • React kutubxonasi bilan tanishish va uning asoslari;
  • Type Script;
  • SASS, Pug va Webpack;
  • Data science;
  • Data analyst.

PRO Design kursida:

  • Photoshop, Illustrator, Figma, CorelDRAW dasturlarini o‘rganish;
  • Web-dizayn asoslari, UI / UX;
  • Brending va poligrafiya;
  • Mobil ilovalarning dizayni;
  • Tizim administratori kursi;
  • Bitiruv loyihasi.

Python kursida:

  • Python asoslari;
  • Ma’lumotlar bazasi va kutubxonalar (SQL);
  • Telegram botlar;
  • Onlayn-do‘konlar.

Minimal narx 1 mln 150 ming so‘m, maksimal narx 2 mln 225 ming so‘mni tashkil etadi. Onlayn va oflayn kurs narxlari bir-biridan farq qiladi.

Darslarni muvaffaqiyatli tugatgan o‘quvchilarga sertifikat yoki diplom beriladi. Markazda 13 yoshdan boshlab o‘qish imkoniyati mavjud bo‘lib, hozirda Chilonzor va Mirobod tumanlarida filiallari ochilgan.


Ilmhub

O‘quv markazdagi jami oflayn kurslar soni 9 ta bo‘lib, darslar davomiyligi 3−12 oy. Bu yerda quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha ta’lim olish mumkin:

  • Foundation Programming kursida C++ dasturlash tili, Basics, OOP, Linux OS va boshqa bilimlar beriladi. Kurs davomiyligi 4 oy, haftada 2 soatdan 3 marotaba. Oflayn kurs narxi 790 ming so‘m va onlayn kurs narxi 490 ming so‘mni tashkil etadi.
  • .NET Bootcamp kursida dastlabki 1−2 oy C# dasturlash tili OOP konsepsiyalari bilan birga o‘rgatiladi. Unda keyin esa .NET texnologiyasi boshlanib, API’lar bilan ishlash o‘qitiladi. Kurs davomiyligi 7 oy, haftada 4 soatdan 5 marotaba olib boriladi. Oflayn kurs narxi 2 mln 190 ming so‘m va onlayn kurs narxi 1 mln 590 ming so‘m.
  • .NET Backend kursida Foundation kursini tamomlagan o‘quvchilar string, shart va sikl operatorlari, array, list, queue, stack kabi tushunchalarning C# tilida qanday tadbiq etilishini o‘rganadilar. Kurs davomiyligi 5 oy, haftada 2 soatdan 3 marotaba. Oflayn kurs narxi 1 mln 190 ming so‘m va onlayn kurs narxi 790 ming so‘mni tashkil etadi.

Shuningdek, markazda AI Bootcamp, Flutter Cross-platform, Python Beginner, Arduino & Robototexnika, Scratch, React Native, iOS Mobile (Swift) va Python Backend kabi kurslar mavjud.

Minimal narx 490 ming so‘m, maksimal narx 1 mln 190 ming so‘mni tashkil etadi.

O‘quv markazida 7 yoshdan yuqori bo‘lgan qiziquvchilar zamonaviy kasblarni o‘rganishlari mumkin. Markaz Toshkent shahrida joylashgan bo‘lib, Namangan viloyatida filial ham ochgan.


Najot Ta’lim

O‘quv markazdagi jami oflayn kurslar soni 15 dan ortiq bo‘lib, darslar davomiyligi 2 oydan 12 oygacha boradi. Kurslar ikki xil shaklda o‘qitiladi: bootcamp (chuqurlashtirilgan) va standart.

Bootcamp kurslarda darsga to‘liq e’tibor qarata oladigan, kunning ko‘p qismini o‘qishga sarflashga imkoni bor o‘quvchilar uchun mo‘ljallangan. Darslar, haftada 5 kun 4−5 soatdan davom etadi.

Standard darslar esa haftasiga 3 kun, 2 soatdan olib boriladi. Bu shakldagi ta’lim ish va o‘qishdan tashqari qo‘shimcha kurs olmoqchi bo‘lgan insonlarga moslashtirilgan.

Kurslarga 16 yoshdan 40 yoshgacha oralig‘idagi o‘quvchilar qatnashishi mumkin. Eslatma, 40 yoshdan yuqorilar suhbat yoki imtihon asosida qabul qilinadi. 1 ta guruhda 18−22 nafar o‘quvchi ta’lim oladi.

Bootcamp shakliga:

  • Bootcamp foundation — ushbu kurs dasturlashni 0 dan o‘rganmoqchi bo‘lganlar uchun 4 oy davomida haftada 3 kun, 4 soatdan davom etadi. Bu bosqichda #C va Python dasturlash tillarining asosiy nazariyalari o‘rgatiladi.
  • Bootcamp result — bu bosqichda o‘quvchi Fullstack (NodeJS + ReactJS), Frontend, Flutter Mobile va PHP backend yo‘nalishlaridan birini tanlab o‘qishini davom ettiradi. Kurs 8 oy haftada 5 kun, 4,5 soatdan iborat bo‘ladi.
  • Veb Praktikum — dasturlashni amaliyot asosida o‘rgatadigan intensiv kurs. Davomiyligi 7 oy haftada 3 kun 4 soatdan. Unda o‘quvchilar dasturlashni to‘liq amaliyot asosida ya’ni 4 ta real loyiha tayyorlagan holda o‘rganishadi.

Standart shaklidagi kurslarga:

  • Grafik dizayn;
  • UI/UX dizayn;
  • Python;
  • React. JS;
  • Node.JS;
  • PHP;
  • QA;
  • No Code;
  • Sun’iy intellekt asoslari ;
  • Data analitika;
  • SMM Pro;
  • Mobilografiya kiradi.

Farg‘ona viloyatida minimal narx 850 ming so‘m, Toshkent shahrida 1 mln 400 ming so‘mdan boshlanadi. Narxlar filiallarga qarab o‘zgaradi.

Markazni muvaffaqiyatli tamomlagan o‘quvchilarga sertifikatlar va diplom beriladi.

Najot Ta’limning Toshkent shahrida: Chilonzor, Shayxontohur, Olmazor tumanlarida filiallari joylashgan. Shuningdek, Xorazm, Farg‘ona, Samarqand viloyatida ham o‘quv markazi binolari zamonaviy kasblarni oflayn o‘rganmoqchi bo‘lganlar uchun eshiklarini ochgan.


FinTechHub

Markaz kompyuter dasturlari hamda startap loyihalarni ishlab chiqaradigan IT laboratoriya hisoblanadi. O‘quv markazdagi jami kurslar soni 5 tani tashkil etib, darslar 10 oy davomida olib boriladi. O‘quv markazida Frontend, Backend va Mobile Flutter singari kurslar mavjud.

  • Frontend kursida hozirgi kundagi eng oxirgi texnologiyalar aynan FinTechHub laboratoriyasida o‘qitiladi. Haftasiga 3 kun davomida, 2 soatdan mashg‘ulotlar olib boriladi. Guruhga 12 o‘quvchi qabul qilinadi va narxi 1 mln 400 ming so‘m.
  • Backend dasturlash kursida, jami 12 o‘quvchi qabul qilinib, dars davomiyligi 2 soat hisoblanadi. Narxi esa oyiga 1 mln 400 ming so‘m.

Minimal narx 900 ming so‘m, maksimal narx 1 mln 400 ming so‘mni tashkil etadi.

Hozirda markaz Toshkent shahri Mirobod tumanida faoliyat yuritmoqda.


Spot bu safar zamonaviy kasblarni onlayn shaklda o‘rganmoqchi bo‘lganlar uchun ham o‘quv markazlari haqida ma’lumotlarni taqdim etadi.


42.uz

42.uz — bu onlayn tarzda dasturlashni o‘rganish imkonini beruvchi onlayn platforma hisoblanadi.

Unda Backend, UX, Algoritm hamda grafik dizayn darslari mavjud. Shuningdek, Cloud, DevOps va AI ga oid kurslar ham yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilmoqda.

Platformadagi barcha kurslar narxi 420 ming so‘m.


Mohirdev

Mohirdev — bu IT sohasi bo‘yicha ta’lim beradigan maskan, unda data science, sun’iy intellekt, frontend ishlab chiquvchi yo‘nalishlari bo‘yicha kurslar o‘rgatiladi.

O‘quv kurslari soni jami 46 ta bo‘lib, markaz dasturlashdan tortib robototexnikagacha bo‘lgan darslarni yo‘lga qo‘ygan bo‘lib, kurslarning barchasi faqat online ta’lim shaklida o‘tiladi. O‘qish davomiyligi kurslarga qarab 3 oydan 9 oygacha, quyidagi yo‘nalishlarda onlayn o‘qish imkoniyati mavjud:

  • Full stack Java, Python, .NET & C#;
  • JS (TS)Node js, PHP, Yii;
  • Android Studio (kotlin);
  • IOS & Swift (framework);
  • Flutter;
  • Frontend React/NextJS, Redux;
  • Project manager, Robototexnika;
  • Data science va sun’iy intelekt, computer vision;
  • Prompt engineering.

Kurs narxi 247 ming so‘mdan boshlanib 3 mln so‘mgacha, Flutter kursi esa bepul. Shuningdek, Praktikum kasbga yo‘naltirilgan kurslarni 3 va 6 oyga foizsiz bo‘lib to‘lash imkoniyati mavjud. Darslar o‘zbek tilida olib boriladi.

Markaz Toshkent shahri Yashnobod tumanida joylashgan.