Avvalroq prezident Toshkentda rejalashtirilgan renovatsiya va investitsiya loyihalari taqdimoti bilan tanishgani haqida xabar berilgandi. Bosh rejada 300 dan ortiq renovatsiya manzili belgilangan bo‘lib, 2025−2026 yillarda birinchi bosqichda 65 ta turar-joy loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan.
Dastur doirasida poytaxtning Mirzo Ulug‘bek tumani, Oliy Himmat MFY hududidagi 8,8 gektar yer maydonida renovatsiya loyihasini amalga oshirish taklif etilmoqda. Qiymati $333,1 mlnga baholanayotgan loyiha tashabbuskori Krantas Group kompaniyasi hisoblanadi.
Google Earth xaritasiga ko‘ra, loyiha tumanning Ziyolilar ko‘chasidagi kompaniya binolari joylashgan hududning katta qismini hamda uning yonidagi boshqa binolarning bir qismini qamrab oladi. Loyiha doirasida jami 333,08 ming kv.metr maydonda qurilish ishlarini amalga oshirish belgilangan. Yangi binolar 22,2 ming kv.metr maydonda joylashadi.
Bu yerda 4 485 ta xonadonga mo‘ljallangan 29 ta ko‘p qavatli turar-joy binolari quriladi. Natijada, jami 7 360 ta aholi qamrab oladi.
Bundan tashqari, hududning 80%i yoki 74,2 ming kv.metr maydoni yashil hududlardan iborat bo‘ladi. Bu yerda 240 o‘ringa mo‘ljallangan 1 ta bolalar bog‘chasi hamda 480 o‘rinli 1 ta maktab quriladi.
Loyiha, shuningdek, o‘z ichiga 67,45 ming kv.metr maydondagi xizmatlar ko‘rsatish sohasi obyektlarini ham oladi. Bu orqali 4 400 ta yangi ish o‘rinlari yaratilishi kutilmoqda.
Bektemir tumanining Zabardast MFY hududidagi 37,5 gektar yer maydonida Bektemir City turar-joy majmuasini qurish rejalashtirilmoqda. Loyiha qiymati $400 mlnni, quriladigan binolarning umumiy maydoni 510 ming kv.metrni tashkil etadi. 108 ming kv.metr hududda 6 204 ta xonadondan iborat 49 ta ko‘p qavatli turar-joylarni qurish ko‘zda tutilgan.
Avvalroq 2025-yilda Angrenda Angren city kompleksi qurilishi boshlanishi haqida xabar berilgandi. Loyiha doirasida 2 810 ta xonadonga mo‘ljallangan 41 ta ko‘p qavatli turar joy quriladi.