Aprel oyida ko‘chmas mulk bozori tahlili O‘zbekistonning barcha hududlarida bitimlar hajmi oshganini ko‘rsatdi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlilida qayd etilgan.
Poytaxtda birlamchi va ikkilamchi uy-joy narxlarining umumiy pasayishiga qaramay, yillik hisobda narxlar dinamikasi barqarorligicha qolmoqda.
Ko‘chmas mulk bozoridagi faollik ketma-ket ikki oylik pasayishdan so‘ng, aprel oyida barqaror tiklanishni ko‘rsatdi. Oy davomida bitimlar hajmi 20%ga oshib, 24 mingtani tashkil etdi.
Aprel oyida ko‘chmas mulk bozoridagi hududiy dinamika barqaror o‘sishni ko‘rsatib, respublikaning hech qaysi hududida bitimlar hajmida pasayish qayd etilmadi.
Faollikning eng sezilarli o‘sishi Namanganda (39%), Samarqand (29%) va Buxoro viloyatlarida (27%) qayd etildi.
Toshkentda ko‘chmas mulk bozori
Aprel oyida Toshkent shahri ko‘chmas mulk bozori nisbatan barqarorlikni ko‘rsatdi. Ikkilamchi bozorda uy-joylarning o‘rtacha narxi deyarli o‘zgarmagan (0,3% pasayish).
Yillik hisobda ham birlamchi, ham ikkilamchi ko‘chmas mulk bozorlarida narxlarning pasayishi kuzatildi.
Ikkilamchi uy-joylarning o‘rtacha narxi 6,3%ga kamaygan bo‘lsa, birlamchi uy-joy segmentida esa pasayish 4,2%ni tashkil etdi.
Birlamchi uy-joy narxlarining eng sezilarli pasayishi Uchtepa (15,3%), Shayxontoxur (13,3%) va Yunusobod (8,8%) tumanlarida kuzatildi.
Ikkilamchi uy-joy narxlarining eng katta pasayishi Chilonzor (10,7%), Mirzo Ulug‘bek (9,4%) va Yashnobod (8,2%) tumanlarida kuzatildi.
Toshkentda uy-joy ijarasi
Aprel oyida Toshkent shahrida ijara narxlarining barqarorlik kuzatildi. O‘rtacha ijara narxi o‘tgan oydagi ko‘rsatkichni saqlanib qoldi va bir kvadrat metr uchun $8,1ni tashkil etdi.
Poytaxtning Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida ijara narxi nisbatan yuqoriligicha qolmoqda. Ushbu tumanlarda ijara narxi bir kvadrat metr uchun o‘rtacha $10,4ni tashkil etadi.
Yillik hisobda o‘rtacha ijara narxlarining pasayishi sekinlashib, 3%ni tashkil etdi. Yil davomida ijara narxlarining eng sezilarli pasayishi Uchtepa, Yunusobod va Mirzo Ulug‘bek tumanlarida qayd etildi.
Ikkilamchi uy-joy bozori
Aprel oyida O‘zbekistonda ikkilamchi bozorda uy-joylarning o‘rtacha narx o‘tgan oyga nisbatan 1,3%ga oshdi.
Yillik hisobda o‘sish 2,4%ni tashkil etdi. O‘sish sur’atlari Jizzax, Surxondaryo va Xorazm viloyatlari, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasida yuqori qayd etilgan.
Avvalroq Spot birinchi chorakda Toshkentda uy-joy ijarasi bozori barqaror qolgani haqida yozgandi.
Mart oyida poytaxtda o‘rtacha ijara narxida o‘zgarish kuzatilmadi va bir kvadrat metr uchun $8ni tashkil qildi.