O‘zatom va Rosatom O‘zbekiston atom sohasi uchun kadrlar tayyorlash bo‘yicha qo‘shma muhandislik maktabini ishga tushiradi.
15-may kuni O‘zatom agentligi va Rosatom o‘rtasida rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. O‘zatom delegatsiyasiga agentlik direktori Azim Axmedxo‘jayev, Rosatom tomonidan esa bosh direktorning kadrlar bo‘yicha o‘rinbosari Tatyana Anatolevna Terentyeva rahbarlik qildi.
Uchrashuv O‘zbekistonning yadro-energetika dasturi uchun kadrlar tayyorlash, jumladan, O‘zbekiston prezidentining shaxsan nazorati ostidagi atom elektr stansiyasini (AES) qurish loyihasini amalga oshirish masalalariga bag‘ishlandi.
Tomonlar atom sohasidagi muhim rejalarni muvaffaqiyatli amalga oshirilishi uchun zarur bo‘lgan yuqori malakali kadrlar potensialini shakllantirish bo‘yicha hamkorlikning asosiy jihatlarini muhokama qildilar.
Rosatom O‘zatom va MMFI Milliy tadqiqot yadro universiteti o‘rtasida uch tomonlama bitim imzolandi, unga ko‘ra, universitet Toshkent filiali negizida ilg‘or muhandislik maktabi ochiladi.
Ushbu maktab O‘zbekiston atom energetikasini rivojlantirishda yetakchi rol o‘ynaydigan mutaxassislarni tayyorlash platformasiga aylanadi.
Shuningdek, MMFI MTYaU Toshkent filialining 2025−2026-yillarga mo‘ljallangan ta’lim va ilmiy faoliyatning ustuvor yo‘nalishlarini o‘z ichiga olgan rivojlanish strategiyasi taqdim etildi.
Maktab ta’limi, oliy o‘quv yurtlari va professional qayta tayyorlash yo‘nalishlarini qamrab olgan barqaror kadrlar tayyorlash tizimini yaratishga alohida e’tibor qaratildi.
Tomonlar ta’lim dasturlarini tashkil etish, Rosatom obyektlarida amaliyot o‘tash, shuningdek, kadrlar tayyorlash va boshqarishda raqamli texnologiyalarni joriy etish imkoniyatlarini muhokama qildilar.
Avvalroq Spot Rosatom O‘zbekistondagi kichik AES uchun uskunalar ishlab chiqarishni boshlagani haqida yozgandi.
Davlat korporatsiyasining Sankt-Peterburgdagi zavodida RITM-200N reaktor qurilmasi uchun 205 tonnalik birinchi quyma quyilgan.