Apple yangi funksiyalarni chiqarmaguncha ularni e’lon qilishni to‘xtatadi. O‘zgarishlar haqida Bloomberg sharhlovchilari Mark Gurman va Dreyk Bennet manbalarga tayanib xabar berdi.

Taxminlarga ko‘ra, bu WWDC 2024'da taqdim etilgan, ammo bir yil o‘tgach ham chiqarilmagan “aqlli” shaxsiylashtirilgan Siri’ni ishga tushirishdagi muammolar bilan bog‘liq.

Shuningdek, Apple va’da qilingan muddatda yangi avlod CarPlay’ni ham chiqara olmadi.

Nashr manbalarining aytishicha, kompaniya o‘zining marketing materiallarida Apple Intelligence brendini Siri’dan ajratib ko‘rsatishni rejalashtirmoqda.

Xabarda ta’kidlanishicha, bu aslida ovozli yordamchining salbiy obro‘si kompaniyaning sun’iy intellekt mahsulotlarini ilgari surishga to‘sqinlik qilayotganini tan olish hisoblanadi.

Apple 2025-yil 9−13-iyun kunlari WWDC ishlab chiquvchilari uchun yillik konferensiya o‘tkazadi. Kompaniya iOS 19, iPadOS 19 va MacOS 16 da interfeys dizaynini “tubdan” yangilashni tayyorlamoqda.


Avvalroq Spot Apple Siri maxfiyligi haqidagi da’voni hal qilish uchun $95 mln to‘layshi haqida yozgandi.

Gap foydalanuvchilar maxfiyligini buzgan deb ta’kidlangan Siri ovozli yordamchisi bilan bog‘liq jamoaviy da’voni hal qilish haqida ketmoqda.