Shavkat Mirziyoyev 19-may kuni qurilish materiallari sanoatidagi ishlar va asosiy vazifalarga oid taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Hozirda qurilish materiallari tarmog‘ida 10 mingga yaqin korxona faoliyat yuritadi. Birinchi chorakda ishlab chiqarish 8% ga, eksport esa 11% ga o‘sdi. Investitsiya dasturi doirasida $500 mlnlik 9 ta yirik loyiha ishga tushdi. Dushanbe, Kobul va Filadelfiyada O‘zbekiston savdo uylari tashkil etildi.

Yil yakunigacha $2,4 mlrdlik 312 ta loyihani bajarib, 16 ming yuqori daromadli ish o‘rni yaratish, ishlab chiqarish miqdorini 53 trln so‘mga, eksportni $1,2 mlrdga yetkazish mo‘ljallangan. Taqdimotda mutasaddilar ushbu ko‘rsatkichlarga erishish chora-tadbirlari yuzasidan axborot berdi.

Davlat rahbari sohada sifat, tannarx va qurilish madaniyati eng dolzarb masala ekanini ta’kidladi. Zamonaviy texnologiyalarni joriy etib, mahalliy mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirish, mamlakatdagi bunyodkorlik ishlarida ulardan kengroq foydalanish vazifalari ko‘rsatib o‘tildi.

Soha bo‘yicha R&D tadqiqotlar markazi ochilib, Germaniyadan maslahatchi jalb qilindi. Misol uchun, ariq va kanal yuzalari uchun o‘ramli beton qoplamasi tayyorlash texnologiyasi bo‘yicha ish boshlangan. Natijada betonlashga ketadigan vaqt va xarajat 10% ga, suv sarfi 3−5% ga kamayishi hisob-kitob qilingan.

Prezident geologiya va ilmga e’tibor qaratib, ichki va tashqi bozorlar uchun yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar yetkazib berish zarurligini ta’kidladi. Energiya va resurs sarfi yuqori yo‘nalishlarni tahlil qilib, tejamkor innovatsion yechimlarni qo‘llash muhimligi qayd etildi.

O‘tgan yili tarmoqdagi yirik korxonalar energiya auditidan o‘tkazilganda 300 mln kVt/soat iqtisod qilish imkoniyati aniqlangan. Bunday korxonalarda texnologiyani yangilash hamda ish tartibini oqilona tashkil etish orqali xarajatlarni kamaytirish mumkinligi aytildi.

Shaffof qurilish platformasida qurilish materiallari korxonalari reyestrini tashkil qilib, u orqali sifat nazoratini ta’minlash vazifasi qo‘yildi.

O‘zbekistonda bino-inshootlarning seysmik pasporti joriy etiladi. Yaponiyalik mutaxassislar ishtirokida seysmik xavfning oldini olish hamda xatarni baholash bo‘yicha choralar ishlab chiqiladi. Binolar texnik tekshiruvdan o‘tkazilib, kamchiliklar bartaraf etiladi.

Avvalroq ikki qavatgacha bo‘lgan uylar qurilishini xususiy sektor nazorat qilishi haqida xabar berilgandi. Bundan tashqari, kichik noturar bino va inshootlar hamda yengil konstruksiyali qurilmalar ham xususiy sektor nazoratiga olinadi.