Qoraqalpog‘istonning Qozog‘iston bilan chegara qismida joylashgan Qozog‘iston-O‘zbekiston chegara o‘tkazish punkti yana 4 oyga yopildi. Bu haqda Qozog‘iston Moliya vazirligi huzuridagi Davlat bojxona qo‘mitasiga tayanib, Kazinform agentligi xabar berdi.
O‘zbekiston vakolatli organlari bilan kelishilgan holda jismoniy shaxslar, yengil avtomobillar, avtobuslar va yuk ko‘tarish quvvati 3,5 tonnagacha bo‘lgan avtotransport vositalari uchun Tajen nazorat-o‘tkazish punkti orqali harakatlanish vaqtincha to‘xtatildi.
“Bu qaror o‘tkazish punktida fuqarolar xavfsizligini ta’minlash, qurilish va rekonstruksiya ishlarini jadallashtirish maqsadida qabul qilindi. Hozirda hududda keng ko‘lamli ishlar — metall konstruksiyalarni o‘rnatish, muhandislik tarmoqlarini yotqizish va binolarni kapital ta’mirlash olib borilmoqda”, — deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, may-avgust oylarida KazAvtoJol kompaniyasi Tajen (Qozog‘iston) va Dovut ota (O‘zbekiston) punktlari o‘rtasidagi neytral polosada avtomobil yo‘lini quradi. Xuddi shunday ishlar O‘zbekiston tomonidan ham amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Qurilish ishlari davom etayotgani munosabati bilan Qozog‘iston O‘zbekiston tomoniga chegarani kesib o‘tishga qo‘yilgan cheklovni yana 4 oyga — joriy yilning 1-sentabrigacha uzaytirish taklifi bilan rasman murojaat qilgan. Qayd etilishicha, O‘zbekiston bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlagan.
Bundan tashqari, fuqarolardan sayohat va yo‘nalishlarni rejalashtirishda ushbu ma’lumotlarni inobatga olish so‘ralgan.
Joriy yilning 1-fevralidan Tajen — Dovut ota o‘tkazish punktlari orqali fuqarolar, yengil avtomobillar, avtobuslar hamda ruxsat etilgan to‘liq vazni 3,5 tonnadan oshmaydigan yuk avtomobillari harakati 3 oyga to‘xtatilgandi.
2024-yilning kuzida Dovut ota chegara postida yangi bojxona terminali ochildi. Uning maydoni 6 gektarni tashkil etib, uning ishga tushirilishi natijasida 350 tagacha yuk avtomobilini joylashtirish mumkin bo‘ladi.
Dekabr oyida Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan muloqotida 2025-yilda G‘ishtko‘prik, Navoiy, Dovut-ota, Shovot va Gulbahor postlarida qo‘shimcha koridorlar qurilib, o‘tkazish quvvati 5 karra oshirilishi ma’lum qilindi.
Yanvar oyida prezident huzurida o‘tkazilgan transport-logistika tizimini rivojlantirishga qaratilgan taqdimotda transport vaziri Ilhom Mahkamov nazorat-o‘tkazish punktlari kengaytirilishini, elektron navbat va onlayn kuzatuv tizimlari joriy etilishini qayd etdi.
Avvalroq 70 turdagi tovarlarning bojxona qiymati va miqdori nazorat qilinishi haqida xabar berilgandi. Bojxona deklaratsiyasida tovar qiymati oxirgi 90 kunlik o‘rtacha qiymatning kamida 80%ini tashkil etishi kerak.