Joriy yilning birinchi choragida O‘zbekistonga xorijdan pul o‘tkazmalari hajmi $3,3 mlrdni tashkil qildi. Bu haqda Markaziy bankning pul-kredit siyosati bo‘yicha sharhida keltirilgan.
Natijada ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga ($2,5 mlrd) nisbatan 32%ga o‘sdi. Yanvar va mart oylarida mamlakatga $1 mlrd miqdorida o‘tkazmalar amalga oshirilgan. Eng yuqori o‘sish mart oyida kuzatilib, bu oyda transchegaraviy o‘tkazmalar hajmi $1,2 mlrdga yetgan.
Markaziy bank yuqori o‘sishni asosiy savdo hamkorlarning valyutalari mustahkamlanishi hamda mehnat haqi yuqoriroq davlatlarga migrantlar oqimining oshishi bilan izohlaydi.
Bundan tashqari, so‘nggi davrlarda pul o‘tkazmalari daromadlar o‘sishi o‘zgaruvchanligining asosiy omili bo‘lib qolmoqda.
Mehnat migrantlarini qabul qiluvchi mamlakatlar valyuta kurslarining mustahkamlanishi hamda bu davlatlarda ish haqlarining oshishi, yuqori daromadli mamlakatlarda ishchi kuchiga bo‘lgan talablarning oshib borayotganligi sharoitida pul o‘tkazmalarining o‘sish prognozi 10−12% dan 15−18% gacha oshirish bo‘yicha qayta ko‘rib chiqildi.
Shu bilan birga, iqtisodiy hamkorlar valyuta kurslarida kutilayotgan yuqori tebranuvchanlik hamda iqtisodiy o‘sish prognozlarini pasayish tomonga qayta ko‘rib chiqilishi tufayli, istiqbolda pul o‘tkazmalari dinamikasi bo‘yicha ma’lum darajadagi noaniqliklar saqlanib qolmoqda.
2024-yilning noyabrida Markaziy bank 2025-yilda mamlakatga pul jo‘natmalari hajmi 9−11% o‘sish bilan $16,1 mlrdga yetishini prognoz qilgandi. 2026-yilda bu $17,6 mlrdga (9−12%), 2027-yilda esa $19,9 mlrdga (10−15%) yetishi mumkin.
O‘tgan yilda O‘zbekistonga xorijdan pul o‘tkazmalari hajmi 30%ga oshdi. Ko‘rsatkich oldingi yilga nisbatan $3,4 mlrdga o‘sish bilan $14,8 mlrdni tashkil qildi. O‘tkazmalarning 77%i yoki $11,5 mlrdi Rossiyaga to‘g‘ri keladi. Undan keyingi o‘rinlarda esa $795 mln bilan Qozog‘iston hamda $577 mln bilan AQSh turibdi.