So‘nggi haftada O‘zbekistonda yangi o‘rikning ulgurji narxlari uchdan bir qismga pasaydi, ayni paytda joriy narxlar darajasi 2023 va 2024-yillarning shu davriga nisbatan kamida 20%ga past, deya ta’kidlaydi EastFruit mutaxassislari.
O‘zbekiston poytaxtining ulgurji bozorlarida yangi o‘rikning dastlabki yirik turkumlari aprel oyining oxiri — may oyining boshlarida paydo bo‘ldi.
Bu o‘tgan yilga nisbatan uch hafta oldin va 2023 yilgi mavsumga qaraganda bir hafta ertaroq kuzatildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yil 2-may holatida O‘zbekistonda yangi o‘rikning o‘rtacha ulgurji narxi bir kilogrammi uchun 15 ming so‘mni ($1,16) tashkil etgan va bir hafta davomida — 9-maygacha shu darajada saqlanib qolgan. Biroq keyingi hafta mobaynida, 9-maydan 16-maygacha, narx keskin pasayib, uchdan bir qismga, ya’ni bir kilogramm uchun 10 ming so‘mgacha ($0,77) tushgan.
Bozor ishtirokchilarining fikriga ko‘ra, joriy mavsum boshidagi narxlarning nisbatan past darajasi ikkita asosiy omil bilan bog‘liq. Birinchidan, joriy mavsumda ob-havo sharoiti o‘rik, jumladan, ertapishar navlar hosili uchun qulay bo‘lib, hosildorlik avvalgi ikki yildagi ko‘rsatkichlardan kam emas, balki ko‘proq bo‘lishi kutilmoqda.
Ikkinchidan, O‘zbekistonda may oyining birinchi yarmida kuzatilgan anomal issiq ob-havo mevalarning pishib yetilishini va ertapishar navlarning yetilishini tezlashtirdi, bu esa ichki bozorda ushbu mahsulotlar taklifi hajmining keskin oshishiga olib keldi.
O‘z navbatida, mavsum boshida O‘zbekistonda yangi o‘rik narxining keskin pasayishi ushbu mahsulotni tashqi bozorlarga yetkazib berish hajmini oshirishga xizmat qilmoqda.
Yangi o‘rik — meva-sabzavot segmentida O‘zbekiston eksportidagi asosiy o‘rinlardan biri. 2018-yildan buyon, hosili kam bo‘lgan 2021 va 2022-yillarni hisobga olmaganda, O‘zbekiston izchil ravishda dunyodagi yangi o‘rik eksport qiluvchi uch yirik davlat qatoriga kirib kelmoqda.