TikTok ijtimoiy tarmog‘i yangi funksiyani — foydalanuvchilarga dam olish va uyquga tayyorgarlik ko‘rishga yordam beradigan ichki boshqariladigan meditatsiyalarni ishga tushirmoqda.
Kompaniya ushbu funksiyani shu yil boshida o‘smirlar o‘rtasida sinovdan o‘tkazishni boshladi va endi uni barcha ilova foydalanuvchilari uchun taqdim etmoqda.
Yangilikning asosiy maqsadi foydalanuvchilarning uyqu sifatini yaxshilash va ularni tunda ijtimoiy tarmoq lentasiga “yopishib qolish” paytida telefonni chetga qo‘yishga undashdir. Bu, ayniqsa, ilovada haddan tashqari ko‘p vaqt o‘tkazishi mumkin bo‘lgan yosh auditoriya uchun dolzarb masaladir.
18 yoshdan kichik o‘smirlar uchun meditatsiya funksiyasi avtomatik ravishda yoqilgan holda bo‘ladi. Agar o‘smir ilovadan soat 22:00 dan keyin foydalansa, uning “Siz uchun” lentasi uxlashdan oldin tinchlanishga yo‘naltirilgan boshqariladigan meditatsiya mashqi bilan to‘xtatiladi.
Meditatsiya jarayoni tinchlantiruvchi ekran, mayin musiqa va nafas olish mashqlarini o‘z ichiga oladi. Agar o‘smir birinchi xabarga e’tibor bermasa, ikkinchi marta butun ekranni qamrab oluvchi bildirishnoma paydo bo‘lib, uni muloyimlik bilan uyquga undaydi.
Yangi funksiyadan manfaatdor bo‘lgan katta yoshli foydalanuvchilar uni ilovadagi ekran vaqti sozlamalari orqali mustaqil ravishda faollashtirishi mumkin.
Buning uchun “uyqu soatlari” parametrini yoqish va har kecha meditatsiya mashqini ko‘rishni istagan vaqtni belgilash kerak.
Ushbu tashabbus TikTokning o‘smirlar xavfsizligini ta’minlash va qonun chiqaruvchilarning ilova yosh foydalanuvchilarga ko‘rsatayotgan ta’sir haqidagi tashvishlariga javob berish bo‘yicha olib borayotgan sa’y-harakatlarining bir qismi hisoblanadi.
Avvalroq Spot TikTok Stories uchun suratlarni “jonlantirib” beradigan funksiyani ishga tushirgani haqida yozgandi.
U AI Alive deb nomlanib, bu platformaning tasvirlardan sun’iy intellekt yordamida video yaratadigan birinchi vositasidir.