Strategik islohotlar agentligi tomonidan naqd pulsiz hisob-kitoblar ulushini oshirish bo‘yicha Kompleks reja loyihasini ishlab chiqish uchun “bir qator xorijiy kompaniyalar vakillari bilan uchrashuv” o‘tkazilib, unda cheklovlarni bartaraf etish va naqd pulsiz hisob-kitoblarni rag‘batlantirish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.
Yig‘ilishda norasmiy yo‘l bilan olib kelingan tovarlar ko‘pincha bozorlarda namoyish etilayotgan mahsulotlarga nisbatan arzonroq narxda sotilayotgani ta’kidlandi.
Muammoning yechimi sifatida norasmiy import ustidan nazoratni kuchaytirish yoki ularni elektron platformalarda sotishni qonuniylashtirish taklif etildi.
Boshqa mavzu — naqd pulsiz to‘lovlar ulushini to‘g‘ri hisoblash masalasi. Ayniqsa, bank kartalari orqali amalga oshirilayotgan barcha operatsiyalarni, jumladan p2p o‘tkazmalarini ham hisobga olish zarurligi alohida ta’kidlandi.
Uchrashuvda jismoniy shaxslarning kartadan kartaga pul o‘tkazmalarini naqd pulsiz hisob-kitoblar statistikasiga kiritishning maxsus mexanizmini ishlab chiqish taklifi ilgari surildi.
Shuningdek, milliy to‘lov tizimlari — Uzcard va Humo komissiyalarining amaldagi tuzilmasi banklarning motivatsiyasiga ta’siri muhokama qilindi. Shunday qilib, milliy operatorlarning kartalari bo‘yicha operatsiyalar uchun banklarning mukofotlari xalqaro to‘lov tizimlari shartlaridan ortda qolmoqda.
Shu bois banklar uchun sharoit hamda rag‘batlarni milliy va xalqaro tizimlar bo‘yicha tenglashtirish taklifi bildirildi.
Bundan tashqari, yig‘ilish ishtirokchilari “To‘lovlar va to‘lov tizimlari to‘g‘risida"gi qonundagi bir qator ta’rif va atamalar eskirganini, aniq talqinlar va tarif yondashuvlarining yo‘qligi naqd pulsiz infratuzilmani rivojlantirishni qiyinlashtirayotganini ta’kidladilar.
Shu munosabat bilan qonunga mahalliy va xorijiy to‘lov operatorlari hamda tashkilotlari tomonidan vositachilik haqlarini belgilash me’yorlarini, shuningdek, chegaralar osha to‘lovlar bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish va moliyaviy xizmatlar bilan bog‘liq operatsiyalar haqida ma’lumot almashish tartibini aniqlash yuzasidan bir qator o‘zgartirishlar kiritish ko‘zda tutilmoqda.
Avvalroq Spot Uzum Market, Olcha hamda Glotr marketpleyslarida kontrafakt mahsulotlar sotilayotgani aniqlangani haqida yozgandi.
Natijada Uzum Market’da 220 ga yaqin mahsulotlar savdosiga chek qo‘yildi, qolganlari bo‘yicha huquq egalariga ma’lumotlar yuborilgan.