Toshkentda ko‘p qavatli uy-joylarga investitsiyalarning daromadliligi keskin pasaydi. Bu haqda Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) hisobotida keltirilgan.
Institut mutaxassislari ko‘chmas mulkni ijaraga berish va mulk qiymatining ma’lum vaqtdan keyin oshishi (kapital o‘sish) hisobiga daromad olinishini tahlil qildi.
Unga ko‘ra, joriy yilning aprel oyida poytaxtda daromadlilik ko‘rsatkichi 6,2% gacha tushdi (o‘tgan yilning mos davrida — 27,8%). Ijaradan keladigan o‘rtacha daromad 10,9% dan 8,5% gacha kamaydi, uy-joylarning o‘rtacha narxi esa 2,4% arzonlagan.
Biroq, ayrim tuman va segmentlarda uy-joylar nisbatan yuqori ko‘rsatkichlarni saqlab qolgan. Masalan, Shayxontohur tumanida bir xonali uy-joyning umumiy daromadliligi 25% ni tashkil etdi (2024-yil — 41,4%).
Ikki, uch va to‘rt xonali xonadonlar segmentida eng yuqori ko‘rsatkichlar Yakkasaroy tumanida qayd etildi — mos ravishda 16,2%, 16,8% va 15,6%. Shu bilan birga, ikki xonali uylarning daromadliligi biroz oshdi (2024-yil bahorida 12,1%).
Daromadlilikning eng kuchli pasayishini Uchtepa tumanidagi 2 xonali kvartiralar ko‘rsatdi — 27% dan -2% gacha (boshqacha aytganda, narxlarning pasayishi ijara daromadidan oshib ketdi). Mirobod tumanidagi bir xonali kvartiralar bo‘yicha ko‘rsatkich 24,7% dan 0,4% ga tushdi.
Uchtepa tumanida uy-joylar narxi yil davomida 7,4% ga pasaydi. Yunusobod tumanida uy-joy narxi 4,4% ga, Olmazor tumanida 4,2% ga arzonlashdi. Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida esa 6% ga qimmatlashgan.
Ko‘chmas mulkni ijaraga berish rentabelligi Mirobod (9,2%) va Shayxontohur (8,9%) tumanlarida eng yuqori bo‘lib, bir yil oldin mos ravishda 11,2 va 12,6% ni tashkil etgan. Kattaligi bo‘yicha segmentlar orasida bir xonali uylar (8,5%) eng daromadli bo‘ldi, 4 xonali uy-joyuchun daromadlilik ko‘rsatkichi atigi 3,3% bo‘lgan.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, uy-joy daromadliligi xorijiy valyutadagi omonatlar bo‘yicha o‘rtacha stavkaga (5,1%) yaqinlashmoqda. Taqqoslash uchun, aprel oyi oxirida so‘mdagi depozitlar bo‘yicha stavka 22% ni tashkil etdi.
Avvalroq aprel oyida ikkilamchi uy-joy bozorida o‘rtacha narxlar oshgani haqida xabar berilgandi.