O‘zbekistonda go‘sht narxlarining oshishiga qo‘shni davlatlardagi eksport cheklovlari hamda import narxlarining oshishi ta’sir qilgan. Bu haqda Markaziy bankning pul-kredit siyosati bo‘yicha sharhida keltirilgan.
“Qo‘shni mamlakatlardagi go‘sht eksportiga qo‘yilgan cheklovlar natijasida go‘sht taklifining kamayishi, shuningdek, import narxlarining oshgani ichki narxlarning ham o‘zgarishiga sabab bo‘ldi”, deyiladi xabarda.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, mart oyida go‘sht mahsulotlari narxi 6,1% ga, yillik hisobda esa 21,6% ga yetgan. Aprel oyida go‘sht narxining oylik o‘sish sur’ati sekinlashdi: mol go‘shti (lahmdan tashqari) 1,84% ga, qo‘y go‘shti esa 1,83% ga qimmatlashdi.
Qozog‘iston 2024-yilning 14-sentabridan 2025-yil 14-martigacha qoramol va mayda shoxli hayvonlarning ona mollarini eksport qilishni cheklagan. Biroq, Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Moliya vazirligi 9-apreldan boshlab cheklovni yana 6 oyga uzaytirdi. Qirg‘iziston 31-yanvardan boshlab uchinchi davlatlarga qoramol, mayda shoxli mollar va otlar eksportini vaqtincha to‘xtatdi.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, yanvar-mart oylarida O‘zbekiston go‘sht va go‘sht mahsulotlari importini 65,1% ga oshirib, $138,1 mlnga yetkazgan.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi go‘sht narxi qimmatligi haqidagi xabarlar yuzasidan izoh berib, mamlakatda ushbu mahsulot narxi mintaqaviy tendensiyalar doirasida saqlanayotgani va global bozor tebranishlariga nisbatan barqaror ekanini qayd etdi.
“O‘zbekiston dunyoning go‘sht eng arzon sotiladigan davlatlari qatorida bo‘lib, Markaziy Osiyo mamlakatlari ichida Qirg‘izistondan keyingi ikkinchi o‘rinni egallaydi”, — deyiladi vazirlik xabarida.
Shuningdek, ozuqa, elektr energiyasi, mehnatga haq to‘lash xarajatlari hamda yoqilg‘i-moylash materiallari narxlarining keskin oshishi go‘sht narxiga ta’sir ko‘rsatgan.
Avvalroq Raqobat qo‘mitasi aviachiptalarning sun’iy taqchilligini keltirib chiqargan aviakompaniyalar chora ko‘rilishini bildirgani haqida xabar berilgandi.