15-may kuni 2025−2026 yillarda sayyohlar oqimi va turistik xizmatlar ko‘lamini kengaytirish orqali turizmning iqtisodiyotdagi o‘rnini oshirish bo‘yicha prezident farmoni qabul qilindi.
Joriy yil yakunigacha mamlakatga 15,8 mln nafar xorijiy turistlar safarlarini tashkil etish, turizm xizmatlari eksportini $4 mlrdga yetkazish belgilanmoqda. Shu bilan birga, ichki turizmni rivojlantirish hisobiga 40 mln mahalliy sayyohlarning hududlarga safarlarini tashkil etish, qo‘shimcha 378 ta turoperator faoliyatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
2025-yilning 1-iyunidan Bahrayn, Kuvayt va O‘mon fuqarolari uchun O‘zbekiston hududida vizasiz rejim joriy qilinadi. Mazkur mamlakat fuqarolari hududga kirgan kundan boshlab, 30 kun davomida vizasiz bo‘lishlari mumkin bo‘ladi.
Joriy yildan har yili 30-noyabrgacha kelgusi yil turizmni rivojlantirish bo‘yicha hududiy dasturlar ishlab chiqiladi. Har yili noyabr oyining 3-haftasida Xalqaro turizm haftaligi tashkil etiladi.
Iyun oyidan “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” dasturini amalga oshirish uchun har oy 2-haftasining shanba va yakshanba kunlari “Oila va jamoa bilan sayohatga chiqish kuni” etib belgilanadi.
Avvalroq 1-iyundan O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida vizasiz rejim joriy etilishi haqida xabar berilgandi. Ikki mamlakat fuqarolari davlatlar hududida 30 kungacha vizasiz bo‘lishlari mumkin. Undan oshgan muddatlar uchun esa viza talab etiladi.