Markaziy bank kredit tashkilotlarini iste’molchilar bilan munosabatlarda insofsiz amaliyot sifatida baholanadigan xatti-harakatlarga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirdi. Bu haqda regulyatorning moliya tashkilotlariga chiqarilgan xatida keltirilgan.

Unda ayrim kredit tashkilotlari faoliyatida iste’molchilarning huquq va manfaatlari, adolat va shaffoflik tamoyillariga qarshi insofsiz harakatlarning kuzatilishi qayd etilgan. Bu iste’molchilarning moddiy zarar ko‘rishiga hamda bank-moliya sektoriga bo‘lgan ishonchning pasayishiga olib kelmoqda.

Markaziy bank birinchi navbatda kredit shartnomalariga iste’molchi manfaatlariga putur yetkazadigan, taraflarning huquq va majburiyatlari o‘rtasida nomutanosiblikni keltirib chiqaruvchi adolatsiz shartlarning kiritilishini keltirdi.

Shartnomalarda chalg‘ituvchi shartlarning berilishi iste’molchilarning e’tiroz bildirish huquqi cheklanganligi haqida noto‘g‘ri tasavvurlarni uyg‘otadi. Regulyator insofsiz amaliyotlar qatorida kredit tashkilotlarining mijoz roziligisiz shartnoma shartlarini o‘zgartirish, kredit ajratishni rad etish sabablarini tushuntirmaslik hamda zarur axborotni taqdim etmaslikni qayd etdi.

Shu bilan birga, tushuntirish yoki buyurtmasiz iste’molchiga sug‘urta va SMS-xabar kabi qo‘shimcha mahsulot va xizmatlarni majburan qabul qildirish, shartnomalarda qonunchilikda nazarda tutilmagan majburiyatlarni yuklash, bajarish imkonsiz bo‘lgan “kovenant” va “muhim shartlar” kiritish kabi holatlar uchraydi.

Banklar reklamalarda kredit yoki mikroqarzning foiz stavkasi “X foizdan” boshlanadi deb, eng yuqori stavka va ularni belgilash tartibini ko‘rsatmaydi yoki qarz oluvchini so‘raganidan ko‘proq kredit mablag‘i olishga undaydi.

Bundan tashqari, moliya tashkilotlari kredit kartaning imtiyozli yoki foizsiz davr haqidagi shartlar talablarini bajarmaydi. Iste’molchi kredit karta bo‘yicha qarzdorlikni imtiyozli davrda so‘ndirishiga qaramay, banklar o‘z mobil ilovalarida to‘lov undiradi, jadvalga amal qilmasdan kredit bo‘yicha to‘lovlarni bank kartasidan oldindan yechib oladi.

Markaziy bank xat mazmunini chakana moliyaviy mahsulot va xizmatlarni yaratishda va iste’molchilarga taqdim qilishda, iste’molchilar bilan tuziladigan shartnomalarni ishlab chiqishda ishtirok etadigan barcha mas’ullarga yetkazishga chaqirdi. Moliya tashkilotlaridan mijozlar bilan bevosita muloqot qiluvchi xodimlar malakasini muntazam oshirish so‘raldi.

Banklarga kredit kartalari shartlarini to‘liq ochiqlash majburiyati yuklatilishi mumkin. Bu bo‘yicha regulyator tegishli hujjat loyihasini ishlab chiqdi. Axborot varaqalarida kredit limiti, foiz stavkalari, foizsiz muddat, komissiyalar va boshqa shartlar ko‘rsatilishi kerak bo‘ladi.

Avvalroq Markaziy bank aholiga ajratilgan kreditlar qoldig‘ining o‘sib borishi kelgusida ularning moliyaviy barqarorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini ma’lum qilgandi.