Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi 17-sanksiyalar paketini tasdiqladi. Cheklovlarga Rossiyaning “yashirin floti” tarkibiga kiruvchi 200 ga yaqin kemalari kiritildi.

Shuningdek, Surgutneftegaz neft kompaniyasi, VSK sug‘urtalovchisi, eng yirik oltin qazib oluvchi Atlas mayning (ilgari — Petropavlovsk), Eyrburg, Stritim, Mikrob, Finko va Aerofregat uchuvchisiz uchish apparatlari ishlab chiqaruvchilari bor.

RBK nashrining aniqlik kiritishicha, jismoniy shaxslar orasida sanksiyalar ro‘yxatiga KAMAZ bosh direktori Sergey Kogogin, MEI Milliy tadqiqot universiteti rektori Nikolay Rogalev, harbiy-sanoat majmuasi korxonalari rahbarlari va aksiyadorlari, shuningdek, 28 nafar rossiyalik sudya, tergovchi va prokurorlar kiritilgan.

Shuningdek, Yevropa sanksiyalari uchinchi mamlakatlarning bir nechta kompaniyalariga ham ta’sir ko‘rsatdi: uchta kompaniya, jumladan davlat korxonalari Xitoydan, hamda Belarus va Turkiyadan bittadan kompaniya sanksiyalar ro‘yxatiga kiritildi.

Bundan tashqari, 31 ta tashkilotga nisbatan “ikki maqsadli tovarlar va texnologiyalar eksporti bo‘yicha qattiqroq cheklovlar” joriy etildi, chunki Yevropa Ittifoqi ularni “Rossiya harbiy-sanoat majmuasini qo‘llab-quvvatlashda” gumon qilmoqda.

Ular orasida O‘zbekistonning Trade Engine System kompaniyasi ham bor. Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registriga ko‘ra, ustav fondi 10 mln so‘mlik bo‘lgan ushbu kompaniya 2022-yil iyulda tashkil etilgan va temir yo‘l, avtomobil, dengiz hamda havo transportida yuk tashishni tashkil qilish bilan shug‘ullanadi. Kompaniyaning yagona ta’sischisi va direktori Akbarov Nosirjon Xamitjonovich hisoblanadi.

Yevropa Ittifoqining oldingi sanksiyalar to‘plami Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini boshlanganining uchinchi yilligida, 24-fevral kuni joriy etilgan edi. O‘zbekiston kompaniyalari orasida Uzstanex ham cheklovlarga duch keldi. Bu kompaniyaga qarshi ilgari AQSHhva Buyuk Britaniya ham sanksiyalar kiritgan edi.


Avvalroq Spot Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi sanksiyalarni chetlab o‘tishga qarshi kurashni davom ettirishga kelishib olgani haqida yozgandi.

YI O‘zbekiston va Tojikiston bilan yangi shartnomalar imzolash hamda Qozog‘iston bilan viza rejimini soddalashtirish niyatida.