2025-yilning yanvar-aprel oylarida O‘zbekiston gaz importidan ko‘ra ko‘proq eksportni amalga oshirdi. Bu haqda Spot o‘rgangan Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotida keltirilgan.
To‘rt oyda Turkmaniston va Rossiyadan “ko‘k yoqilg‘i” importi qariyb uch baravarga — $150,5 mlngacha kamaydi. Yanvar oyida tabiiy gaz yetkazib berish $27,8 mlnni tashkil etgan bo‘lsa, fevral oyida — $8 mln, mart oyida — $2,7 mlngacha tushdi. Aprelga kelib ko‘rsatkich 41 baravar — $112 mlngacha oshdi.
Yil boshidan buyon Xitoyga gaz eksporti deyarli 2 barobarga oshib, $199,7 mlnga yetdi. Xususan, yanvar oyida Xitoyga $21,8 mlnlik, fevral oyida $20,2 mlnlik, mart oyida $52,3 mlnlik, aprel oyida esa $105,4 mlnlik gaz yetkazib berilgan.
Biroq, Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlari Xitoy Bojxona bosh boshqarmasi ma’lumotlaridan sezilarli darajada farq qiladi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston yanvar-aprel oylarida $143,07 mlnlik gaz eksport qilgan, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 48% ga ko‘pdir.
Bundan tashqari, Xitoy bojxonasi ma’lumotlari O‘zbekistondan tabiiy gaz yetkazib berishning oylik hajmi mart oyidagi $21,39 mlndan aprel oyida $72,24 mlngacha oshganini (o‘sish — 3,37 baravar) ko‘rsatadi. Bu 2024-yilning apreliga nisbatan 6,3 barobar oshgan.
Rossiya Xitoyga gaz eksporti bo‘yicha yetakchilikni saqlab qolmoqda. Mamlakat o‘tgan davrda $3,32 mlrdlik “ko‘k yoqilg‘i” yetkazib bergan. Turkmaniston esa $2,78 mlrd bilan ikkinchi o‘rinda turibdi. Shuningdek, bular qatorida Myanma ($537,37 mln), Qozog‘iston ($261,18 mln), AQSh va Italiya bor.
Avvalroq Markaziy bank O‘zbekistonda go‘sht narxi oshishiga nimalar ta’sir qilganini tushuntirgani haqida xabar berilgandi.