Laziz Abdullayev 2002-yilda Buxoro viloyatida tug‘ilgan, boshlang‘ich ta’limni Toshkentdagi 49-maktabda olgan, keyinchalik Al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashgan maktabda ikki yil davomida o‘qigan.
2023-yilda O‘zbekiston milliy universitetining Matematika fakultetini tamomlab, bakalavr diplomini qo‘lga kiritgan. Hozirda Singapur milliy universiteti (NUS) ning Deep Learning yo‘nalishi PhD dasturida ilmiy izlanish olib bormoqda.
Nega aynan Singapur?
O‘zMUda bakalavr bosqichining so‘nggi yillarida matematikadan tashqari algoritmlash va dasturlashga ham qiziqib, o‘zimni dasturchi sifatida sinab ko‘rdim. 2021-yil sentabrdan 2022-yil fevraligacha “Nolbir” jamoasida malaka oshirdim, so‘ngra 2022-yil fevralidan 2023-yil avgustiga qadar Rossiyaning DSR Corporation kompaniyasining Toshkentdagi filialida dasturchi bo‘lib ishladim.
Sof matematikaga ham, tezkor algoritmik muammolarga ham qiziqqanimga qaramay, doim nimadir yetishmayotgandek tuyulardi. Shu bois amaliy matematikaning bir yo‘nalishida o‘z yo‘limni topishga qaror qildim. Biroq, bu vaqtga kelib, AQSh universitetlariga hujjat topshirish muddatlari allaqachon tugagan edi.
Natijada uchta dasturga hujjat topshirdim: Erasmus Intermath (Neuroscience, Mathematical Biology), Erasmus AI va NUS. Erasmus AI’dan tashqari ikki dasturdan ijobiy javob oldim. Ular orasidan esa QS reytingida top-10 talikka kirgan va ilmiy salohiyati yuqori bo‘lgan NUS dasturini tanladim. Magistratura bosqichini o‘tamasdan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri PhD bosqichiga qabul qilindim. Bu dasturning Yevropa oliygohlaridagi PhD dasturlaridan farqi, uning davomiyligi 1−2 yilga ko‘proqdir.
Foto: Laziz Abdullayevning shaxsiy arxividan
PhD qabul bosqichlari
PhD dasturiga qabul uch bosqichdan iborat — hujjat topshirish, yozma imtihon va suhbat. Boshqa grant dasturlari kabi ushbu daraja uchun ham quyidagicha hujjatlar kerak bo‘ladi:
- a’lo baholar varaqasi;
- motivatsiya xati (statement of purpose);
- ikki tavsiyanoma;
- ma’lumotnoma (CV);
- IELTS yoki TOEFL sertifikati;
- GRE natijalari (ixtiyoriy tarzda);
- ilmiy maqolalar ro‘yxati.
Magistratura yoki PhDga hujjat topshirishni oldindan rejalashtirmaganim uchun bunga alohida tayyorgarlik ko‘rmaganman. Motivatsiya xatim ham oddiy bo‘lib, erishgan yutuqlarim va nega aynan shu dasturga hujjat topshirayotganim haqida sodda tarzda yozilgan edi.
PhD dasturlarida talabalarni nafaqat universitet, balki ularni ilmiy guruhiga qabul qiladigan professorlar ham tanlaydi. Shu sababli, tavsiyanomalar katta ahamiyatga ega. Ayniqsa, NUS universitetining mazkur fakultetida postdoktoral tadqiqotchi sifatida faoliyat yuritayotgan va menga bakalavrda dars bergan fizika-matematika fanlari doktori Karim Rahimov tomonidan yozilgan tavsiyanoma hujjatlarim ko‘rib chiqilishida sezilarli ustunlik berdi.
Ikkinchi bosqich oliy matematika fanidan beshta masalani Zoom orqali jonli kuzatuv ostida yechish tartibida o‘tkazildi. Ushbu bosqichdan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlar esa uchinchi bosqich — fakultet professori bilan 30 daqiqalik suhbatda ishtirok etdilar.
Doktorantlar uchun imkoniyatlar
NUS doktorantura dasturlari uchun bir nechta grantlar mavjud: President’s Graduate Fellowship (PGF), NUS Research va NUS-SINGA grantlari. Ular o‘qish to‘lovini qoplab, yashash xarajatlari uchun stipendiya ajratadi.
Talaba ko‘rsatkichlariga qarab, universitet uni mos grantga tavsiya qilishi mumkin. Buning uchun qo‘shimcha yoki alohida hujjat topshirish shart emas. Grantlar kontrakt to‘lovi, stipendiya va ilmiy safarlar uchun ajratilgan mablag‘larni o‘z ichiga oladi.
Stipendiya semestr yakunidagi baholarga qarab uzaytirilishi yoki to‘xtatilishi mumkin. Masalan, PGF’dan tashqari yuqoridagi ikkita grant keyingi bosqichlarda ham berilishi uchun GPA kamida 3,5/4,5 bo‘lishi kerak.
Foto: Laziz Abdullayevning shaxsiy arxividan
Grantlar
Universitet rasmiy saytida xalqaro talabalar uchun bir qator grantlar taqdim etilishi haqida ma’lumotlar keltirilgan. Masalan, President’s Graduate Fellowship (PGF) stipendiyasiga barcha xorijiy va mahalliy nomzodlar doktorantura darajasi uchun ariza topshirishi mumkin.
Grant dastlab bir yilga ajratilib, o‘zlashtirish asosida keyingi yil uchun ham davom etishi mumkin. Nomzodlar talabaning fakulteti tomonidan ko‘rsatiladi. Talabalarga 3400−3600 Singapur dollari ($2620−2770) miqdorida oylik stipendiya beriladi.
NUS Research Scholarship granti ilmiy salohiyati yuqori bo‘lgan talabalarni doktorantura tadqiqot dasturlarida qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. PhD dasturiga topshirilgan arizalar baholangach, nomzodlarga grant taklif qilinishi mumkin. Dastur xalqaro talabar uchun oyiga 2500−2700 SGD ($1926−2080) miqdorida stipendiya ajratadi.
Yana bir NUS-SINGA Scholarship granti ham ilm-fan va muhandislik sohalarida tadqiqot olib borishni istagan, yuqori akademik ko‘rsatkichlarga ega xalqaro talabalarga taqdim etiladi. Stipendiya miqdori oyiga 2700 SGDni ($2080) tashkil etadi.
Uchta dastur ham nomzodlardan yuqori o‘zlashtirish ko‘rsatkichini, diplom va baholar transkripti, til sertifikati hamda tavsiyanomalar qabul qiladi.
Viza olish jarayoni
NUS PhD dasturiga qabul qilinganimdan so‘ng, universitet tomonidan SOLAR ID va ariza topshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar yuborildi. Jarayon ancha sodda va tushunarli edi. Avvalo, SOLAR portalida ro‘yxatdan o‘tib, eForm16 shaklini to‘ldirib, 30 Singapur dollari ($23) miqdorida to‘lov amalga oshiriladi.
Keyin SOLAR hujjatlari va qabul xati asosida viza uchun ariza topshiriladi. Natijada Singapurga bir martalik kirish ruxsatnomasi beriladi, mamlakatga kelgach, uni Student Pass’ga almashtirish talab etildi.
Yakuniy Student Pass uchun ham alohida to‘lov qilinadi va hujjatlar onlayn taqdim etiladi. Asosiy hujjatlar ichida universitetning qabul xati va umumiy tibbiy ko‘rik natijalari muhim o‘rin tutadi.
Shaharga moslashish
Singapurga ko‘chib kelish menga katta qiyinchilik tug‘dirmadi. Biroq, umumiy jihatdan iqlim (bir fasl, yil davomida bir xil harorat) va mahalliy ovqatlar vatandoshlarimiz uchun ba’zi noqulayliklarni keltirib chiqarishi mumkin.
Ijobiy tomoni shundaki, musulmonlar sonining ko‘pligi tufayli “Halol” sertifikati bilan oziq-ovqat va oshxonalarni deyarli har joyda bemalol topish mumkin.
Singapur ta’lim tizimi
Singapur oliy ta’lim tizimi ko‘plab jihatlari bilan Buyuk Britaniya hamda AQSh ta’lim tizimlarining uyg‘unlashgan, o‘rtacha modelini eslatadi. PhD dasturiga kirishda magistrlik diplomi talab etilmasligi esa dastlab meni biroz hayron qoldirgandi. Menimcha, bunday yondashuvning ayrim minuslari bor. Masalan, agar 4−5 yil davomida magistratura va doktoranturani alohida universitet yoki davlatda o‘qimoqchi bo‘lsangiz, buning iloji yo‘q, yoki magistratura bosqichidan so‘ng rejalarni qayta ko‘rib chiqish imkoni bo‘lmaydi.
Bu yerda PhD talabalarining doimiy ravishda baholanishini alohida e’tiborga olish kerak. Talaba magistr diplomiga ega bo‘lishidan qat’i nazar, majburiy fanlarni o‘qib, imtihon topshiradi. Agar diplomni NUS tan olsa — 5 ta, aks holda esa, 8 ta fandan imtihon topshirish talab etiladi.
Foto: Laziz Abdullayevning shaxsiy arxividan. NUS markaziy kutubxonasi
Bundan tashqari, har bir PhD talabasi 2 yil ichida PhD Qualification (Saralash) imtihonidan o‘tishi shart. Masalan, Matematika fakultetida bu imtihon talabaning ilmiy salohiyatini aniqlashga qaratilgan bo‘lib, oliy matematikaning 4 ta yo‘nalishi bo‘yicha yozma ishlarni o‘z ichiga oladi.
Berilgan grantni saqlab qolish uchun esa kamida 2 ta yo‘nalishdan muvaffaqiyatli natija ko‘rsatish zarur. Ushbu yo‘nalishlar Algebra, Matematik tahlil (haqiqiy, kompleks va funksional analiz), Optimizatsiya va sonli hisob hamda Ehtimollar nazariyasi va Machine Learning’dan iborat. Saralash imtihonini belgilangan muddatda topshira olmagan talabalar PhD dasturidan chetlashtiriladi.
Tadqiqot ishi
Hozirgi ilmiy faoliyatim Deep Learning — sun’iy intellektning matematik asoslarini o‘rganishga qaratilgan. Bu yo‘nalishni tanlashimga sof matematika va dasturlash elementlarining uyg‘unligi asosiy omil bo‘ldi.
Tadqiqotim zamonaviy sun’iy intellekt modellari ichki mexanizmlarini matematik jihatdan tahlil qilish va tasniflashga qaratilgan. Maqsad — amaliyotda uchraydigan muammolar, xususan, hujumlarga nisbatan zaiflik yoki noaniq ma’lumotlarga moslashishdagi cheklovlarni bartaraf etishga xizmat qiladigan matematik asosli yangi mexanizmlarni ishlab chiqish. Shu kungacha top 3 Machine Learning bo‘yicha o‘tkazilgan konferensiyalarda bir nechta maqolalarim nashr etilgan.
Oylik xarajatlar va ishlar
Singapur dunyoning eng qimmat shahar va davlatlari qatorida doim topda bo‘lgan. Bu yerda ijara xarajatlariga oyiga 1 kishiga joylashuvi va holatiga qarab, 1000−1800 Singapur dollari ($770−1387) ketishi mumkin. Bunda ham butun uyning faqat bitta xonasi beriladi.
Oziq-ovqat va transport xarajatlari uchun oyiga 800−1000 SGD ($616−770) atrofida sarflanadi. Singapurda kiyim-kechak narxlari Toshkentdagi qimmatroq kiyimlar narxlaridan boshlanadi.
Bundan tashqari, madaniy hordiq, jumladan, shahar bo‘ylab sayohatlar va ko‘ngilochar mashg‘ulotlar uchun xarajatlar o‘rtacha 100−200 SGD ($77−154) ni tashkil etadi.
O‘qishdan tashqari ish. Talabalarga haftasiga yarim yuklama bilan (16 soat) ishlashga ruxsat beriladi. Shaxsiy tajribamdan kelib chiqib aytishim mumkinki, PhD bosqichida qo‘shimcha ishlashga vaqt topish qiyin bo‘lishi mumkin. Bu ilmiy yo‘nalishga ham bog‘liq.
Shunga qaramay, shu yilning yanvaridan boshlab to‘rtinchi semestrimni Rakuten Yaponiya kompaniyasida Machine Learning yo‘nalishi bo‘yicha Research Scientist sifatida malaka oshirishga bag‘ishladim. Agar qisqa muddatli malaka oshirish (internship) imkoniyati bo‘lsa, o‘qishni vaqtincha to‘xtatib turish yoki yo‘nalishlar mos kelgan taqdirda, o‘qish bilan birga olib borish mumkin.
Foto: Laziz Abdullayevning shaxsiy arxividan
PhD o‘qimoqchi bo‘layotganlarga tavsiyalar
Singapurda PhD dasturiga hujjat topshirmoqchi bo‘lganlar, CV’ni ma’noli va qiziqarli ishlar bilan boyitishlari kerak. Iloji boricha, tanlangan fakultetga va professorga aloqasi bor bo‘lgan professorlar yoki sanoat menejerlaridan tavsiyanoma olishga harakat qilishlari maqsadga muvofiqdir.
PhD dasturiga topshirishda universitetni emas, balki aynan professorni tanlab tayyorlanish eng to‘g‘ri yo‘ldir. Misol uchun, eng obro‘li MIT universitetidan ko‘ra nisbatan kam obro‘li bo‘lsa-da, siz uchun juda mos keluvchi professor ishlaydigan universitetga topshirish, dastur davomida ham, kelajakdagi karyerangizda ham sizni mamnun qiladigan qadam bo‘ladi.
Keyingi rejalar
Kelajakdagi rejalarim bo‘yicha hali aniq bir xarita tuzganim yo‘q. Sun’iy intellekt va Machine Learning sohalari tez rivojlanayotgan yo‘nalishlardandir. Bu yo‘nalishda 5−6 yil oldin doktorlik ishi qilganlarning ushbu bosqichda amalga oshirgan loyihalari zamon talablariga mos kelmay qoldi.
Shuning uchun doktorantura tugagach, mening yo‘nalishimda eng ilg‘or ilmiy ishlar bilan shug‘ullanyotgan laboratoriyalarda yoki katta kompaniyalarning sun’iy intellekt jamolarida Research Scientist sifatida malaka oshirish, o‘z nomimni bu sohada mustahkamlash uchun to‘g‘ri qadam deb bilaman.