Shavkat Mirziyoyev o‘zbekistonliklarning AQShga kirishi uchun viza talablarini yengillashtirish choralarini ko‘rishni topshirdi.
Bu bo‘yicha prezidentning 2025−2026 yillarda sayyohlar oqimi va turistik xizmatlar ko‘lamini kengaytirish orqali turizmning iqtisodiyotdagi o‘rnini oshirish bo‘yicha farmonida belgilangan.
Unga ko‘ra, Tashqi ishlar vazirligi uch oy muddatda AQSh fuqarolari uchun O‘zbekistonga 30 kunlik muddatga vizasiz kirish rejimini joriy qilish hamda O‘zbekiston fuqarolariga AQShga kirishi uchun viza talablarini yengillashtirish yuzasidan muzokaralar boshlash va yakuni bo‘yicha taklif kiritishi kerak.
Shuningdek, Rossiya, Qozog‘iston va Ozarbayjon fuqarolari uchun O‘zbekistonga ichki hujjat yoki ID-karta, shu jumladan, 16 yoshga to‘lmagan fuqarolarga “kinder pasport” bilan 30 kungacha kirish rejimini joriy qilish rejalashtirilgan.
Mazkur farmon O‘zbekiston 1-iyundan Bahrayn, Kuvayt hamda O‘mon fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy qilinmoqda.
Yil yakunigacha xorijiy sayyohlar sonini 15,8 mlnga, turizm xizmatlari eksportini $4 mlrdga yetkazish hamda ichki turizmda 40 mln mahalliy sayyoh safarini tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Avvalroq 1-iyundan O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida vizasiz rejim joriy etilishi haqida yozgandi.
Fuqarolar mamlakat hududida 30 kungacha vizasiz bo‘lishlari mumkin. Undan oshgan muddatlar uchun esa viza talab etiladi. Shuningdek, vizasiz rejim ishlash, o‘qish va media faoliyati uchun tatbiq etilmaydi.