O‘zatom va Vengriyaning MVM EGI Zrt kompaniyasi hamkorlik bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.
Shavkat Mirziyoyevning Vengriyaga rasmiy tashrifi doirasida 20-may kuni tomonlar o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim va anglashuv memorandumi imzolandi.
Hamkorlik bitimi ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, yangi texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy etish, atom elektr stansiyalarida quruq sovitish tizimlarini yetkazib berish va amalda tatbiq qilishga qaratilgan.
Shu bilan birga, kelishuv texnologiyalarni mahalliylashtirish, zarur infratuzilmani yaratish, mutaxassislarni tayyorlash va malakasini oshirish dasturlarini tashkil etishni nazarda tutadi.
O‘zaro anglashuv memorandumi esa uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli sheriklik asoslarini shakllantirishga qaratilgan. Ushbu hujjat O‘zbekiston hududida AES qurish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishda tomonlarning o‘zaro hamkorligi mexanizmlarini belgilaydi.
Joriy yilning aprel oyida Jizzaxda kichik AES uchun dastlabki ishlab chiqarish binolari qurilishi boshlandi. Qurilish-montaj bazasi energobloklar qurilishi davrida ma’muriy binolar, ishlab chiqarish xonalari, omborlar va yirik yig‘ma sexlari uchun maydonlar bilan ta’minlaydi.
May oyida kichik quvvatli AESni joylashtirish sxemasi tasdiqlandi. Bu loyihani mintaqaviy ehtiyojlarga moslashtirish va energiya ishlab chiqarishni optimallashtirish imkonini yaratadi.
Avvalroq Rosatom O‘zbekistondagi kichik AES uchun uskunalar ishlab chiqarishni boshlagani haqida xabar berilgandi. Davlat korporatsiyasining Sankt-Peterburgdagi zavodida RITM-200N reaktor qurilmasi uchun 205 tonnalik birinchi quyma quyilgan.