Jahon banki Ijrochi direktorlar kengashi O‘zbekistonga $200 mln miqdorida imtiyozli kredit ajratishni ma’qulladi.

Mablag‘lar irrigatsiya va drenaj infratuzilmasini modernizatsiya qilish, shuningdek, fermerlarga irrigatsiya xizmatlarini ko‘rsatish sifatini oshirish loyihasini amalga oshirish uchun yo‘naltiriladi.

Loyiha mamlakatning beshta hududida suv yo‘qotishlarini qisqartirish va sug‘orish tizimlarining energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan.

Shuningdek, loyihani birgalikda moliyalashtirish uchun O‘zbekiston hukumati ham qo‘shimcha $23,2 mln ajratadi.

Suv xo‘jaligi vazirligi loyihani Qoraqalpog‘iston Respublikasi, shuningdek, Buxoro, Qashqadaryo, Namangan va Surxondaryo viloyatlarida amalga oshirish uchun mas’ul bo‘ladi.

Rejalashtirilgan loyiha tadbirlari orasida Amudaryo va Sirdaryo bilan bog‘langan va yuqorida qayd etilgan hududlardan o‘tgan sakkizta yirik magistral kanalning 259 kilometrini betonlash rejalashtirilmoqda.

Buning uchun suvni tejaydigan zamonaviy materiallar, jumladan, geomembranalardan foydalaniladi.

O‘zi oqar suv yetkazib berishni ta’minlash va iloji boricha nasoslardan foydalanish zaruratini kamaytirish uchun kanal o‘zanlarini qayta profillash va ularning sathini ko‘tarish ishlari olib boriladi.

Ko‘rsatilgan kanallar bo‘ylab suv taqsimotini nazorat qilish darajasini oshirish uchun 470 ga yaqin gidrotexnik inshootlar quriladi.

Suv sarfini o‘lchagich o‘rnatilgan boshqariladigan suv chiqargichlarni o‘rnatish, shuningdek, suv ta’minoti jarayonlarini boshqarish uchun dispetcherlik boshqaruvi va ma’lumotlarni yig‘ish tizimini (SCADA) joriy etish ko‘zda tutilgan.

Loyihaning amalga oshirilishi natijasida 232 ming gektar maydonda irrigatsiya xizmati sifatini oshirish, bu esa ushbu yerlarda qishloq xo‘jaligi unumdorligini oshiriladi.

180 000 nafar suv foydalanuvchilari, shu jumladan 80 000 nafar ayollarning sug‘orish xizmatlaridan yanada ishonchli foydalanishini ta’minlanadi.

Shuningdek, yillik suv yo‘qotishlar taxminan 540 mln kub metrga qisqartirilib, bu esa suvdan yanada oqilona foydalanishga yordam beradi.

Yiliga 165 mln kVt soatdan ortiq elektr energiyasini tejash, bu esa irrigatsiya sohasida energiya samaradorligini oshiradi va ekspluatatsiya xarajatlari kamaytiriladi.


Avvalroq Spot Jahon banki O‘zbekistonga $35 mln miqdorida imtiyozli kredit ajratishni ma’qullagani haqida yozgandi.

Mablag‘lar geofazoviy ma’lumotlardan xalqaro standartlar asosida fuqarolar va xususiy sektor foydalanishini takomillashtirishga yo‘naltiriladi.

Qayd etilishocha, loyiha 2025−2030-yillarda amalga oshiriladi hamda davlat xizmatlarini raqamlashtirishni davom ettirishga ko‘maklashadi.