14-may kuni prezident tomonidan qabul qilingan qaror bilan tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasi kodlarining ro‘yxati tasdiqlanib, import bojxona boji stavkalariga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi.
Unda tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasi kodlarini Jahon bojxona tashkiloti va JST qoidalari asosida yuritish, import bojlari va TIF TN kodlarini yagona hujjat asosida tizimlashtirish asosiy maqsad etib belgilangan. 2027-yildan Tovarlarni tavsiflash va kodlashning uyg‘unlashtirilgan tizimiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi hisobiga TIF TN boj tarifi bilan birgalikda yuritiladi.
Bojxona qo‘mitasi matbuot kotibi Husan Tangriyevning ma’lum qilishicha, qaror bilan avtotransport vositalari va ularning ehtiyot qismlari uchun import bojlarini qo‘llash tartibiga o‘zgartirishlar kiritildi.
Xususan, bojlarning turlicha qo‘llanilishini bartaraf etish maqsadida TIF TNning 87 (avtotransport vositalari va ularning ehtiyot qismlari) guruhidagi podsubpozitsiyalar raqamlari o‘zgartirilib, ishlab chiqarilganiga 3 yilgacha bo‘lgan yangi avtomobillar uchun ikki xil import boji o‘rnatildi. Amalda bu bitta kodda tasniflanardi.
Bunda ishlab chiqarilganiga 1 yildan oshmagan yangi avtotransport vositalari uchun alohida, 3 yilgacha bo‘lgan avtomobillar uchun alohida bojxona boji stavkalari belgilanadi.
Shuningdek, avtomobil ehtiyot qismlariga ham ikki xil import boji stavkasi o‘rnatilgan: yangilari uchun 5%, oldin foydalanilganlari uchun esa 15%. Biroq ular ham bitta TIF TN kodda tasniflanadi.
Bojxona qo‘mitasi avtotransport vositalarining ehtiyot va butlovchi qismlari yangi yoki ishlatilganligini aniqlovchi tartib mavjud emasligini qayd etdi. Shundan kelib chiqib, 3 oy muddatda uning mezoni va tartibini nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqiladi.
MDHning yagona TIF TN kodlari to‘g‘risidagi kelishuviga asosan, 9 xonalik TIF TN kodlari asosida milliy bozordagi tovarlar xususiyatidan kelib chiqib, O‘zbekistonda 10 xonalik TIF TN joriy etildi.
Bundan tashqari, tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasi birinchi marotaba o‘zbek tilida e’lon qilindi. Hujjat 1-iyundan boshlab kuchga kiradi.
Avvalroq yangi avtomobilni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun onlayn ariza jo‘natish imkoni yaratilgani haqida xabar berilgandi. Xizmat Yagona portal orqali ko‘rsatiladi hamda talabgorlar ro‘yxatdan o‘tkazish-imtihon bo‘limiga borishlari yoki sayyor xizmatdan foydalanishlari mumkin.