Avvalroq O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash tizimini va aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish tamoyillarini takomillashtirishga qaratilgan prezident farmoni qabul qilingani haqida xabar berilgandi.

Hujjat bilan belgilangan tuman va shaharlarda amalga oshiriladigan tajriba-sinov loyihasi doirasida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari tibbiyot xodimlari bazaviy tarif stavkalariga qo‘shimcha ustamalar to‘lanadi.

Bunda sayyor tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi tibbiyot xodimlariga oylik lavozim maoshi yoki bazaviy tarif stavkasining 50%i miqdorida ustama beriladi. Bu tibbiyot brigadasiga belgilangan me’yorlardan 10% ortiqcha qo‘shimcha biriktirilgan aholining har biri uchun shaharlarda MHTEKMning 0,3%i (3465 so‘m) miqdorida, tumanlarda esa 0,5%i (5775 so‘m) miqdorida belgilanadi.

Oila salomatligi bo‘yicha maxsus o‘quv dasturi asosida tashkil etiladigan kurslarning barcha bosqichlarini muvaffaqiyatli tugatgan tibbiyot xodimlari uchun sertifikatga muvofiq bazaviy tarif stavkasining 100%i miqdorida ustama to‘lanadi.

Tajriba-sinov loyihasi doirasida tuman (shahar) markaziy shifoxonalarida shifokorlarning oylik lavozim maoshlari — 20%, o‘rta tibbiyot xodimlarining oylik lavozim maoshlari — 10% miqdorida oshiriladi.

Oilaviy poliklinikalar va tuman (shahar) markaziy shifoxonalarining tibbiyot va farmatsevtika xodimlari uchun faoliyat samaradorligi ko‘rsatkichlari (KPI) asosida oylik lavozim maoshining 100%igacha miqdorda ustama joriy etiladi.

Sog‘liqni saqlash bo‘limlari va tibbiyot muassasalarida rahbarlar uchun tibbiyotni boshqarish (menejerlik) bo‘yicha o‘quv dasturi yo‘lga qo‘yiladi. Sertifikat olgan rahbarlarga oylik lavozim maoshining 100%i, rahbar o‘rinbosariga — 80%i hamda bosh hamshiraga — 50%i miqdorida ustama to‘lanadi.

Rahbar xodimlar uchun ham KPI belgilanib, ularga oylik maoshining 100%igacha miqdorda ustama joriy etiladi. 1 yil davomida KPI ko‘rsatkichi bo‘yicha ijobiy (56%dan yuqori) natijalarga erishmagan rahbar xodimlar lavozimidan ozod qilinadi.

Tajriba-sinov loyihasi doirasida hududiy darajadagi tibbiyot muassasalari Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadigan ro‘yxatga muvofiq tashkiliy, boshqaruv va moliyaviy jihatdan birlashtirilib ko‘p tarmoqli shifoxonalarga aylantiriladi.

Aprel oyi boshida Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan tibbiyot sohasini yaxshilash bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida birlamchi bo‘g‘inda tibbiy xizmat sifatini oshirish bo‘yicha yangi tizim yaratilishi ma’lum qilingandi.