19-may kuni mamlakatda sog‘liqni saqlash tizimini va aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish tamoyillarini takomillashtirishga qaratilgan prezident farmoni qabul qilindi.
Xalqaro tajribaga asoslangan aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatishning yangi modelini joriy qilish, oilaviy shifokor ulushini 70% ga yetkazish belgilanmoqda. Shu bilan birga, sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirish hamda tibbiyotda qog‘ozbozlikni kamaytirish orqali tibbiyot xodimlari ish yuklamasi 30% gacha kamaytiriladi.
2025-yilning 1-iyulidan mamlakatning belgilangan tuman va shaharlarida, 2026-yildan Samarqand viloyatining barcha hududlarida tajriba-sinov tariqasida sog‘liqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli joriy qilinadi.
Uning doirasida hududiy tibbiyot birlashmalari negizida tuman va shahar sog‘liqni saqlash bo‘limlari tashkil etiladi. Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami tizimida aholiga oilaviy shifokorni erkin tanlash huquqi beriladi.
Oilaviy poliklinikalar, oilaviy shifokor punktlari, shu jumladan, ularga filial sifatida biriktirilgan muassasalar hamda mahalla tibbiyot punktlari yuridik maqomga ega oilaviy poliklinikalarga hamda ularning filiallariga aylantiriladi. Bunda ularga biriktirilgan aholi soni hisobga olinadi.
Oilaviy poliklinikalarda aholiga tibbiy yordam ko‘rsatuvchi oilaviy shifokor, pediatr, akusher-ginekolog va tashxislash xizmatlarini ko‘rsatuvchi mutaxassislar hamda autsorsing asosida stomatologiya xizmati yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek, tibbiyot brigadasiga 3 ming nafar, zarur hollarda, belgilangan me’yorlarga qo‘shimcha aholi biriktirilishi mumkin. Bunda 2030-yilgacha 1 tibbiyot brigadasiga ko‘pi bilan 1,7 ming nafar aholi biriktirilishi strategik maqsad etib belgilanadi.
Oilaviy poliklinikalarda tibbiyot xodimlari faqat to‘liq stavkada faoliyat yuritadi. Oilaviy poliklinikadan 10 km uzoqda joylashgan MFYlarda yashovchi aholi uchun tibbiyot xodimlarining sayyor tibbiy xizmati yo‘lga qo‘yiladi.
Aprel oyi boshida Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan tibbiyot sohasini yaxshilash bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida birlamchi bo‘g‘inda tibbiy xizmat sifatini oshirish bo‘yicha yangi tizim yaratilishi ma’lum qilingandi.