Tesla kompaniyasi asoschisi va rahbari Ilon Mask X ijtimoiy tarmog‘ida Optimus robotining yangi qobiliyatlarini namoyish etdi.
Tarqatilgan videoda robot berilgan ko‘rsatmalarga binoan uy yumushlarini bajarmoqda: kiyim dazmollamoqda, polni changyutgich bilan tozalamoqda, qoshiq bilan qozondagi ovqatni aralashtirayotgan, axlatni chiqarib tashlamoqda hamda cho‘tka va kurakcha yordamida stolni yig‘ishtirmoqda.
“Men kun bo‘yi shunchaki raqsga tushayotganim yo‘q”, deya Optimus o‘zining X’dagi sahifasida yozgan.
Mask hozirga qadar yaratilgan mahsulotlar ichida eng ulkani deya robotning yutuqlarini sharhlab o‘tdi.
Optimus’ni ishlab chiqish uchun mas’ul bo‘lgan Milan Kovach aniqlik kiritishicha, hozirgi vazifalardan biri robotni to‘g‘ridan-to‘g‘ri internetdagi odamlar ishlarini bajarayotgan videolardan o‘rganishga o‘rgatishdir. Bu uning samaradorligini oshirishga yordam beradi.
Avvalroq Tesla odamsimon robotlarini ishlab chiqarishni noma’lum muddatga qoldirgani haqida xabar berilgandi.
Tesla rahbari Ilon Mask moliyaviy natijalar hisoboti chog‘ida Xitoyning savdo cheklovlari tufayli uning kompaniyasi zarar ko‘rganini aytdi. Kompaniya Optimus robotlarini ishlab chiqarish uchun juda muhim bo‘lgan ba’zi noyob yer materiallarini import qila olmaydi.
Ilon Mask investorlarga Xitoy rahbariyati bilan masalani hal qilishga va’da berib, robotlar mudofaa ehtiyojlari uchun mo‘ljallanmaganini ta’kidladi. Biroq, muammo faqat nodir metallar bilan cheklanib qolmaydi.
Hozirda kompaniya qolgan elektron komponentlar, motorchalar va robot uchun yuritmalarni kim yetkazib berishi mumkinligi haqida hatto taxminiy tasavvurga ham ega emas. Mask yanvar oyida shu yilning oxirigacha bir necha ming Optimus ishlab chiqarishni va’da qilgan.
CNBC jurnalistlarining aytishicha, Xitoy cheklovlari shubhasiz AQShning yuqori bojxona to‘lovlariga javoban joriy etilgan. Shu bilan birga, Ilon Mask Optimus robotlarini ishlab chiqarishning ahamiyatini ta’kidlamoqda.
“Kompaniyamizning kelajagi, avvalo, keng miqyosli avtonom avtomobillar va ko‘p sonli, katta hajmli avtonom odamsimon robotlarga asoslanadi”, — deya bayonot berdi Mask.
Muammolarga qaramay, tadbirkor hamon yil oxirigacha Tesla “minglab robot” ishlab chiqarishiga ishonch bildirmoqda.
O‘tgan yilgi robotlarni odamlar boshqargan taqdimotdan beri kompaniya robotni tirik ko‘rsatmagan. Ehtimol, savdo urushi ishlab chiqarishni noma’lum muddatga ko‘chirish uchun qulay bahona bo‘ldi va Tesla Optimus hali tayyor emas.