22-may kuni Shavkat Mirziyoyevning Sloveniyaga rasmiy tashrifi doirasida mamlakat prezidenti Natasha Pirs Musarning tor doiradagi va rasmiy delegatsiyalar ishtirokidagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Unda O‘zbekiston va Sloveniya o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqilib, oliy va yuqori darajadagi muntazam muloqotni yo‘lga qo‘yish muhimligi ta’kidlandi.

Keyingi yillarda tovar ayirboshlash 3 barobar ko‘paydi. Buni yana oshirish va hajmini mahsulotlar turini kengaytirish va import o‘rnini bosish hisobiga birinchi bosqichda 500 mln yevroga yetkazishga e’tibor qaratildi. O‘zbekistondan to‘qimachilik, meva-sabzavotlar, mineral o‘g‘itlar, mis mahsulotlari va boshqa sanoat tovarlari, Sloveniyadan esa dori-darmonlar, ilg‘or texnologiyalar va uskunalar yetkazib berish shular jumlasidan.

Sloveniyaning Koper porti salohiyatidan Yevropa Ittifoqi bozoriga chiqish uchun logistika xabi sifatida foydalanish imkoniyatlari o‘rganiladi.

Mamlakat kompaniyalari bilan Sanoat kooperatsiyasi dasturini qabul qilish, asbob-uskunalar, sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish yuzasidan kelishuvlarga erishildi. Bular qatorida farmatsevtika mahsulotlari, shu jumladan asal va shifobaxsh giyohlarga asoslangan dori ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, energetika obyektlarini qurish va modernizatsiya qilish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish ham bor.

Turizmni, ayniqsa, qishloq va tog‘li hududlarda rivojlantirish istiqbolli yo‘nalish sifatida belgilandi. Ta’lim sohasida tomonlar diplomlarni o‘zaro tan olish to‘g‘risidagi bitimni imzolashga hamda Lyublyana va Maribor universitetlari bilan qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yishga kelishib oldilar.

Mehnat migratsiyasi sohasida tizimli hamkorlik qilish uchun til, kasbiy ko‘nikmalar va mehnat standartlari bo‘yicha o‘qitish va moslashtirish dasturlarini ishlab chiqib, Uyushgan mehnat migratsiyasi to‘g‘risidagi bitimni tayyorlashga kelishildi.

Bundan tashqari, 2026-yilda Toshkentda ikki mamlakat oliy ta’lim muassasalari va ilmiy markazlari ishtirokida Yoshlarning innovatsion loyihalari forumi o‘tkaziladi. Belgilangan barcha vazifalarning ijrosini ta’minlash maqsadida Hukumatlararo komissiyaning birinchi yig‘ilishini joriy yil iyul oyida Lyublyana shahrida tashkil etishga qaror qilindi.

Avvalroq Vengriyaning MVM EGI kompaniyasi O‘zbekistondagi AESlar uchun sovutish tizimlarini yetkazib berishi haqida xabar berilgandi.