O‘zbekistonda Official Trump ($TRUMP) kriptovalyutasi ro‘yxatdan o‘tkazildi. Bu haqda UzNEX mahalliy kripto-birjasi matbuot xizmati xabar berdi.

22-may kuni Kobea Group kompaniyasiga tegishli bo‘lgan mazkur kripto-birja Trump tokeni savdoga chiqarilishini ma’lum qildi. Yangi token uchun depozitlar Toshkent vaqti bilan soat 11:00 dan boshlab ochildi.

Shu kuni soat 13:00 da memkoin savdosi hamda mablag‘larni yechib olish boshlandi. Hozirda $TRUMP memkoini 187−189 ming so‘m ($14,6) atrofida sotilmoqda.

Birja matbuot xizmati foydalanuvchilarni kripto-aktivlarni sotib olishda bozor xatarlari haqida ogohlantirdi. Ta’kidlanishicha, bozor sharoitlariga qarab asosiy kapital yo‘qotishlari uchun barcha javobgarlik investor zimmasiga yuklatiladi.

Shuningdek, birja tomonidan barqarorlik va loyihaning ishonchliligi asosida listing amalga oshirilishi hamda aktiv qiymatining oshishi hamda foyda keltirishi kafolatlanmasligi qayd etilgan.

O‘tgan yilning kuzida UzNEX kripto-birjasi Toncoin kriptovalyutasi savdosini yo‘lga qo‘ygandi.

$TRUMP tokeni AQSh prezidenti Donald Trampga aloqador Trump Organization xolding kompaniyasi tuzilmalari tomonidan 18-yanvar kuni chiqarilgan. Memkoinning rasmiy saytida ta’kidlanishicha, u “hech qachon taslim bo‘lmaydigan yetakchi ruhi"ni aks ettiradi.

Token kursi ikki kun ichida $0,18 dan $20 gacha ko‘tarildi, 20-yanvar — Trampning inauguratsiya kuni esa $45,47 gacha oshdi. Biroq shundan so‘ng u ketma-ket bir necha hafta davomida pasayib, aprel oyi boshida $10 dan pastga tushdi.

Aprel oyining o‘rtalaridan boshlab $TRUMP pasayishni qisman qopladi va hozirda token $14,5 dan sotilmoqda. Memkoinning bozor kapitallashuvi $2,91 mlrdni tashkil etib, o‘zining eng yuqori ko‘rsatkichi — $9,1 mlrddan uch barobardan ko‘proqqa pasaydi.

Reuters agentligining yozishicha, $TRUMP bilan savdolar boshlanganidan keyingi dastlabki ikki haftaning o‘zida uning emitentlarining savdo komissiyalaridan olgan daromadi taxminan $100 mlnni tashkil etgan. Chainalysis kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, tokenga sarmoya kiritgan 50 ta eng yirik investorning har biri $10 mlndan ortiq foyda ko‘rgan.

Aprel oyi oxirida memkoin saytida Tramp ishtirokida $TRUMP'ning 220 nafar eng yirik egalari uchun 22-may kuni bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan qabul haqida e’lon paydo bo‘ldi. Eng ko‘p token egasi bo‘lgan 25 kishi prezident bilan eksklyuziv uchrashuvda ishtirok etishi mumkin, deyiladi xabarda.

Avvalroq ILMA Crypto Magnatga kripto-do‘kon faoliyati uchun litsenziya bergani haqida xabar berilgandi.