Fransiya adliya vaziri Jerald Darmanen mamlakatda giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurashish maqsadida naqd pullarni bekor qilishni taklif etdi, deya xabar bermoqda BFMTV telekanali.
Adliya vazirligi rahbari o‘z tashabbusini payshanba kuni Senatning moliyaviy jinoyatlarni tergov qilish qo‘mitasi eshituvida taqdim etdi.
“Kriminal hududlarda giyohvand moddalar savdosini qanday to‘xtatish mumkinligi haqida so‘raganlarga bu haqda bir necha bor aytganman. Oddiy bir chora kifoya: naqd pullarni bekor qilish savdo nuqtalarini butunlay yo‘q qiladi”, — deya ta’kidladi vazir.
Vazirning fikricha, virtual pullar bilan hisob-kitob qilish tizimi joriy etilsa, narkodilerlar moliyaviy nazorat tizimidan qochib qutula olmaydi.
Telekanal ta’kidlashicha, fransuzlar vazir taklif qilganidek naqd puldan voz kechishga tayyor emas, biroq fuqarolarning ularga bo‘lgan bog‘liqligi susaymoqda.
Fransiya banki o‘tkazgan tadqiqotga ko‘ra, kartalar eng ommabop to‘lov vositasi bo‘lib qolmoqda (62%), naqd pul esa (14%) ortda qolmoqda. 2024-yilda fransuzlar birinchi marta banknot va tangalardan ko‘ra kartalardan ko‘proq foydalanishdi.
Shunday bo‘lsa-da, so‘rovda qatnashganlarning 60%i naqd pul bilan to‘lash imkoniyatini muhim yoki hatto juda muhim deb hisoblaydi. Fransuzlar naqd pulni anonimlik kafolati (40%), darhol hisob-kitob qilish imkoniyati (37%) va xarajatlarni yaxshiroq nazorat qilish vositasi (31%) sifatida ko‘rishadi.
Avvalroq Spot Fransiya regulyatori Apple’ga 150 mln yevro miqdorida jarima solgani haiqda yozgandi.
Bunga iOS’da App Tracking Transparency (ATT) funksiyasining juda murakkab amalga oshirilishi va reklama beruvchilar shikoyati sabab bo‘lgan.