AQSh prezidenti Donald Tramp agar Apple kompaniyasi AQShdan tashqarida iPhone ishlab chiqarishni to‘xtatmasa, unga qarshi kamida 25%lik bojlar joriy etilishini ma’lum qildi.

“Men Apple’dagi Tim Kukka ularning iPhone’lari Hindiston yoki boshqa joyda emas, balki AQShda ishlab chiqarilishi va yig‘ilishini kutayotganimni ancha oldin aytgan edim”, deb yozdi Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida.

Tramp va Kukning Qatardagi uchrashuvidan so‘ng Apple AQShda mahsulot ishlab chiqarishni oshirishga va’da bergandi. Amerika prezidenti Apple bosh direktori bilan suhbatda Hindiston dunyodagi eng yuqori bojxona to‘siqlarini saqlab qolayotganini va bu AQShdan kelgan tovarlarni sotishni qiyinlashtirayotganini ta’kidladi.

Apple mahsulotlarining AQShdagi savdosi kompaniya umumiy daromadining qariyb uchdan birini tashkil etadi. 2025-yil fevral oyida Apple 20 ming xodim yollashni va keyingi to‘rt yil davomida AQShga $500 mlrd sarmoya kiritishni, jumladan, Texasdagi sun’iy intellekt serverlari uchun yangi ishlab chiqarish zavodiga mablag‘ ajratishni va’da qildi.

Aprel oyoda Apple AQShda sotiladigan barcha iPhone’larni yig‘ishni kelasi yili Hindistonga ko‘chirishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.

Chunki Donald Trampning savdo urushi kompaniyani Xitoydan uzoqlashishga majbur qilmoqda, deya xabar berdi Financial Times.

Nashrning qayd etishicha, iPhone’ni yig‘ish ishlab chiqarish jarayonining so‘nggi bosqichi bo‘lib, unda yuzlab komponentlar birlashtiriladi.