Avvalroq Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo soliq inspeksiyasi UzPost milliy pochta aloqasi operatoridan $2 mlndan ortiq qo‘shimcha soliq undirmoqchi ekanligi haqida xabar berilgandi. Inspeksiya Spot’ning bu bo‘yicha materialiga munosabat bildirdi.
Idora 2024-yilning iyul oyida Uzpost’da 2021−2023-yillar oralig‘ida qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘liq to‘lanmaganligi bo‘yicha soliq auditi o‘tkazilganini tasdiqladi. Tekshiruv natijasida 26,2 mlrd so‘m qo‘shimcha soliq hisoblangan.
Hududlararo soliq inspeksiyasi asos sifatida Soliq kodeksining Uzpost ayblanayotgan ikkita moddasini keltirgan. 238-moddasi bilan soliq solish obyekti — realizatsiya qilish joyi O‘zbekiston bo‘lgan tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma deb belgilangan.
Soliq kodeksining 241-moddasiga asosan, tashish va (yoki) transportda tashish bo‘yicha xizmatlar yoxud bevosita tashish va (yoki) transportda tashish bilan bog‘liq xizmatlar O‘zbekistonning yuridik shaxslari yoki yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan, agar jo‘natish punkti va (yoki) belgilangan punkt O‘zbekiston hududida joylashgan bo‘lsa, hudud xizmatlarni realizatsiya qilish joyi deb e’tirof etilgan.
BAAning Daily Mail Zenith FZE, Niderlandiyaning Post+ B.V., Litvaning Tayger Layn Post va “UAB Clevtrans kompaniyalari bilan tuzilgan shartnomalarning ilovalari va xizmatlar ko‘rsatish dalolatnomalariga asosan xizmatlar ko‘rsatiladigan joyi Toshkent shahri deb ko‘rsatilgan. “Xalqaro soliqdan qochish sxemasidan foydalanilmoqda”, — deya xulosa qildi inspeksiya.
Toshkent tumanlararo ma’muriy sudining 2024-yil 17-dekabrdagi hal qiluv qaroriga asosan inspeksiya Uzpost’ga qo‘shimcha hisoblangan soliqni qayta ko‘rib chiqib, uning summasini 26,4 mlrd so‘mdan 26,2 mlrd so‘mga tushirgan.
Biroq Toshkent shahar ma’muriy sudi apellyatsiya instansiyasining 17-fevraldagi qaroriga asosan sudlov hay’ati BAAning Daily Mail Zenith FZE va Niderlandiyaning Post+ B.V. kompaniyalari bilan tuzilgan shartnomalarda xizmat ko‘rsatish joyi sifatida Toshkent shahri ko‘rsatilganini qayd etgan. Sud Soliq kodeksining 241-moddasi bilan O‘zbekiston hududi xizmatlarni realizatsiya qilish joyi sifatida qo‘shimcha soliqlar hisoblanishini asosli deb topdi.
Bundan tashqari, Hududlararo soliq inspeksiyasi 17-mart kuni Uzpost’ga 26,21 mlrd so‘m QQS hamda 5,24 mlrd so‘m moliyaviy jarima to‘lash bo‘yicha yangi ko‘rsatma yuborilganini tasdiqladi. Pochta operatori yangi soliq talabini haqiqiy emas deb bo‘yicha Toshkent tumanlararo ma’muriy sudiga da’vo arizasini kiritgan.
28-mart kuni Uzpost arizasi asosida ish qo‘zg‘atilib, sud-soliq ekspertizasi o‘tkazilmoqda. Hududlararo soliq inspeksiyasi o‘z xatti-harakatlari asosli ekanligini ta’kidlab, sud-soliq ekspertizasining yakuniy qarorini chiqarish uchun tegishli hujjatlar tayyorlangani va talab asosida taqdim etilishini qayd etdi.
Avvalroq tadbirkorlarga markirovkalash qurilmalari xarajati uchun 2027-yilgacha soliq imtiyozlari taqdim etilishi haqida xabar berilgandi.